Rossiyada ikkita yo‘lovchi samolyoti to‘qnashib ketdi
Olam
−
25 Sentabr 19234 1 daqiqa
Kecha, 24 sentyabr kuni Rossiya poytaxti Moskva shahridagi “Sheremetevo” aeroportida ikki yo‘lovchi samolyot to‘qnashib ketdi. Bu haqda Rossiya Federal havo transporti agentligi (Rosaviatsiya) xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “Rossiya” aviakompaniyasining Sankt-Peterburgga uchadigan Superjet 100 samolyoti parvozga tayyorlanayotganda “Hainan Airlines” kompaniyasining Pekinga qaytayotgan Airbus A330 samolyoti bilan to‘qnashgan”, deyiladi xabarda.
Aniqlik kiritilishicha, hodisa uchish-qo‘nish yo‘lagi bo‘yidagi yo‘lda sodir bo‘lgan va yo‘lovchilarga jarohat yetmagan.
“Rossiya” aviakompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, boshqa samolyotning qanoti “Rossiya” samolyotining orqa qismiga tegib ketgan va oqibatda samolyotga zarar yetgan. “Hainan Airlines”ga qarashli Airbus texnik ko‘rikdan so‘ng parvozlardan chetlashtirilgan.
“Rossiya” aviakompaniyasi yo‘lovchilari Peterburgga zaxira samolyot orqali yetkazilgan, Pekin reysining 264 yo‘lovchisi esa zaxira samolyot yetib kelguniga qadar mehmonxonaga joylashtirilgan. Rosaviatsiya hodisani o‘rganish uchun maxsus komissiya tuzishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Irkutsk shahridan O‘zbekiston poytaxti Toshkentga uchishi kerak bo‘lgan samolyot qushlar bilan to‘qnashib ketgandi. Samolyot bortida 6 nafar ekipaj a’zosi va 91 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Hodisada hech kim jabrlanmagan, samolyot shikastlanmagan.
Live
Barchasi