Rossiyada qiyin ahvolda qolgan oila O‘zbekistonga qaytarildi

Jamiyat

image

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida yashab kelayotgan O‘zbekiston fuqarosi va uning uch nafar voyaga yetmagan farzandining murakkab vaziyati ijobiy hal etildi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi. 

Aniqlanishicha, o‘zbekistonlik fuqaro R.Z. 2020 yilda ishlash uchun Sankt-Peterburgga borgan. 2020–2025 yillar oralig‘ida u uch bor farzandli bo‘lgan. Biroq murakkab hayotiy vaziyat tufayli bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari o‘z vaqtida rasmiylashtirilmagan. Shu sababli bolalarning shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan. Bu esa ularni vaqtincha davlat idoralari qaramog‘iga olish va voyaga yetmaganlar uchun ixtisoslashtirilgan muassasaga yuborishga sabab bo‘lgan.

O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi bosh konsulxonasi tomonidan olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida diplomatlar vaziyatga zudlik bilan aniqlik kiritib, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

O‘zbekistonliklar ishi Sankt-Peterburgning Vasileostrovskiy tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sud jarayonida bosh konsulxona xodimlari tomonidan bolalarning shaxsini va qarindoshlik aloqalarini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilib, tegishli idoralar bilan tushuntirish ishlari olib borilgan. Sudda fuqaro manfaatlari himoya qilinib, bolalarni oila muhitiga qaytarish zarurligi asoslab berilgan.

Sudda ijobiy qaror qabul qilganidan so‘ng ona va uning farzandlari O‘zbekistonga qaytarilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi ortga qaytarilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing