Rossiyada kriptoaktivlarni naqd pulga aylantirish taqiqlanadi
Olam
−
10 aprel 532 1 daqiqa
Rossiya hukumati mamlakat ichida kriptoaktivlarni “naqdlashtirish” mexanizmini joriy etmaydi. Bu haqda mamlakat Markaziy banki raisining birinchi o‘rinbosari Vladimir Chistyuxin RBK efirida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, soha qonuniy tartibga solinganidan keyin ham rasmiy kriptoalmashinuv nuqtalarida “bitkoinni naqd pulga aylantirish” imkoni bo‘lmaydi.
“Biz barcha operatsiyalar, jumladan, fiat (oddiy) valyutada to‘lov qilish faqat naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi kerak deb hisoblaymiz... Biz nazorat mexanizmi to‘liq va normal ishlashini xohlaymiz”, deydi Chistyuxin.
Uning fikricha, bunday yondashuv kriptoaktivlardan noqonuniy sxemalarda, jumladan, pul yuvishda foydalanish xavfini kamaytiradi.
Davlat dumasi kriptobozorni legallashtirish to‘g‘risidagi hukumat qonun loyihasini aprel oyida ko‘rib chiqishni boshlaydi. Qonun 2026 yil 1 iyuldan kuchga kirishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng fuqarolar va kompaniyalar litsenziyaga ega vosichilar orqali qonuniy ravishda kriptovalyuta sotib olishi mumkin bo‘ladi.
“Bozorda Markaziy bank reyestriga kirgan kriptoalmashinuv nuqtalari, brokerlar va ishonchli boshqaruvchilarga ishlashga ruxsat beriladi. Noqonuniy faoliyat va qoidabuzarliklar “qattiq jazolanadi”, deya ogohlantirgan Chistyuxin.
Uning aytishicha, hozircha Rossiyada Bitcoin, Ethereum va USDT bilan savdo qilish mumkin bo‘ladi. Biroq mamlakat ichida kripto bilan hisob-kitob qilish taqiqlanadi.
Live
Barchasi