Urushda halok bo‘lgan rossiyalik askarlar yarim millionga yaqinlashdi – razvedka

Olam

image

Rossiya armiyasi Ukrainadagi butun urush davomida faqat halok bo‘lganlarni hisoblaganda qariyb 500 ming kishini yo‘qotdi. Bu haqda Buyuk Britaniya Hukumat aloqalari markazi direktori Enn Kist‑Batler bayonot berdi.  

“Putin jang maydonida ortga chekinmoqda, buning ustiga yangi razvedka ma’lumotlari nizo boshlanganidan buyon yarim millionga yaqin rossiyalik askar halok bo‘lganini ko‘rsatmoqda”, deydi Enn Kist‑Batler.

“The Guardian” nashrining qayd etishicha, bu Britaniyaning yuqori lavozimli mulozimi tomonidan tajovuzning beshinchi yilida Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari bo‘yicha Buyuk Britaniya tomonidan berilgan bahoning ilk bor tasdiqlanishidir. Avvalroq g‘arblik tahlilchilar halok bo‘lgan rossiyalik askar va ofitserlar sonini 325 ming kishi atrofida baholayotgan edi. Xususan, 2026 yilning yanvar holatiga ko‘ra bo‘lgan bunday hisob-kitoblarni Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) keltirib o‘tgan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlarining Ukrainadagi umumiy yo‘qotishlari (yaradorlar va bedarak yo‘qolganlarni qo‘shganda) 1,198 million kishiga yetgan.

CSIS tahlilchilari ushbu raqamlarni “misli ko‘rilmagan” deb atab, Ikkinchi jahon urushidan keyin birorta ham yetakchi davlat bunday katta yo‘qotishlarga uchramaganini ta’kidlagan. “Mediazona” va BBC tomonidan yuritilayotgan halok bo‘lganlarning ismma-ism ro‘yxatida hozirgacha kamida 221 206 nafar rossiyalik qayd etilgan.

Bundan oldin Ukraina Uchinchi armiya korpusi qo‘mondoni, brigada generali Andrey Biletskiy “Reuters”ga bergan intervyusida Rossiya armiyasi og‘ir yo‘qotishlar tufayli holdan toygani va yirik muvaffaqiyatli yoririb o‘tishlarni amalga oshirishga qodir emasligini ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Ukraina Qurolli kuchlari yaqin bir necha oy ichida o‘z hujum sur’atini oshirish va ushlab turishga muvaffaq bo‘lsa, front chizig‘idagi tashabbusni o‘z qo‘liga olishi va Rossiyani Donetsk viloyatining Ukraina nazoratida qolayotgan qismini egallash rejasidan voz kechishga majbur qilishi mumkin. 

“Men kelgusi olti-to‘qqiz oy urush jarayonida burilish nuqtasi bo‘ladi, deb hisoblayman. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, eng muhimi – mana shu oldingizda turgan olti oydir”, deydi Biletskiy.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq frontda muvaffaqiyatlarning yo‘qligi, ortib borayotgan talofatlar, Ukraina dronlarining tobora muvaffaqiyatli tus olayotgan hujumlari va maxsus xizmatlar talabi bilan internetning tez-tez o‘chirib qo‘yilishi hamrohligida kechayotgan iqtisodiy inqiroz Rossiya rahbariyati vakillarini o‘zlari olib borayotgan urushga yanada sergakroq nigoh bilan qarashga majbur qilayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina askar Urush

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing