Rossiyada migrantlarning bolalari uchun maktablarni pulli qilish taklif etildi
Olam
−
01 avgust 4325 3 daqiqa
Rossiyaga borgan chet elliklarning bolalari rus maktablarida yoshi va sinfidan qat’i nazar, faqat to‘lov asosida o‘qishlari kerak. Bu haqda Davlat dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Yaroslav Nilov o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
“Migrantlarning farzandlari yoshi va sinfidan qat’i nazar, to‘lov asosida o‘qishi kerak”, deya yozgan Nilov.
Shuningdek, u rus tili imtihonidan o‘tishga urinishlar sonini 3 tagacha cheklashni taklif qildi. Ushbu qoidalar ilgari rad etilgan qonun loyihasining yangilangan tahririga kiritilgan. Nilovning so‘zlariga ko‘ra, hujjat fraksiyalararo maqomga ega bo‘lgan Davlat dumasiga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.
“Rus tilini o‘rganishda qiynalayotgan, voyaga yetmagan migrant bolalar va dars berayotgan o‘qituvchilarimizning asablarini asraylik. Bolalar uyda ota-onasini kutishsin yoki maxsus dasturlar bo‘yicha to‘lov asosida o‘qishsin”, deya xulosa qilgan deputat.
Deputat Yaroslav Nilov 2024 yilning sentyabr oyida Rossiya fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning bolalari uchun bog‘cha va maktablarda bepul ta’lim olishni bekor qiluvchi qonun loyihasini ishlab chiqqandi. Qonun loyihasida “Rossiya Federatsiyasi ta’lim to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish kiritish taklif qilingandi. Unga ko‘ra, chet ellik bolalar uchun maktabgacha, boshlang‘ich umumiy, asosiy umumiy va o‘rta umumiy ta’lim pulli asosda amalga oshiriladi. Hozir ularning barchasi bepul asosda ta’lim olmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi maktablarda qabul kompaniyasi joriy yilning aprel oyida boshlangan. Test sinovlari boshlanganidan beri 1762 nafar bola hujjat topshirgan. Ulardan 335 nafari imtihonga qo‘yilgan. Shundan 44 nafari testda qatnashib, bor-yo‘g‘i 27 nafari imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan. Bu esa umumiy ariza beruvchilarning 1,5 foizini tashkil etadi.
Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin bu holatni Rossiyada qabul qilingan yangi qonunlarning samarasi sifatida baholagan. Uning ta’kidlashicha, hozirgacha migratsiyani nazorat qilish maqsadida 15 ta qonunchilik tashabbusi qabul qilingan va ularning barchasi kuchga kirgan.
Xabar qilinishicha, migrantlar uchun rus tilidagi testlar, shu jumladan og‘zaki qism 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan har bir o‘quv bosqichi uchun alohida ishlab chiqilgan. Maktabga kirish uchun nomzod 90 foiz to‘g‘ri javoblarga ega bo‘lishi kerak.
Qabul qilingan federal qonunga ko‘ra, migrant bolalarni Rossiya Federatsiyasi hududida qonuniy yashayotganlik holati tekshirilmasdan, shuningdek, test sinovi orqali tasdiqlangan rus tilini yetarli darajada bilmasdan turib umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish taqiqlangani aytib o‘tilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin rus tilini bilmaydigan migrant bolalarning maktablarda o‘qishini taqiqlovchi qonunni imzolagandi. Ushbu loyiha chet el fuqarolari farzandlarining Rossiya ta’lim tizimida o‘qishi, shu jumladan, til diagnostikasi va moslashtirish dasturlarini o‘rganishiga qaratilgan. Monitoring Rossiya Ta’lim vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan.