Rossiyada hibsga olingan amaldorlar rekord darajada ko‘paydi
Olam
−
16 Oktabr 5534 2 daqiqa
Joriy yilda Rossiyada yuqori lavozimli amaldorlarga qarshi jinoiy ishlar soni misli ko‘rilmagan darajada oshdi. Bu haqda “Novaya Gazeta Evropa” nashri xabar berdi.
Nashrning hisob-kitoblariga ko‘ra, yil boshidan buyon 155 nafar mansabdor shaxs hibsga olingan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilgi raqamdan (122 kishi) ham oshgan. Solishtirish uchun, 2023 yilda 73, 2022 yilda esa atigi 33 amaldor hibsga olingan.
Ayniqsa, joriy yilning avgustidan oktyabr o‘rtalarigacha bo‘lgan muddat eng faol bo‘lib, bu davrda 50 dan ortiq yuqori lavozimli amaldor va deputatlar qo‘lga olingan. Ular orasida to‘rtta vitse-gubernator va sakkiz nafar vazir bor. Hibsga olinganlar ichida Sverdlovsk viloyatining sobiq vitse-gubernatori Oleg Chemezov hamda Krasnodar o‘lkasining sobiq vitse-gubernatori Aleksandr Vlasov bor. Ular hibsga olinishi oldidan lavozimlarini tark etgan.
Shuningdek, hibsga olinganlar ro‘yxatida Dog‘istonning sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Tatyana Belyayeva, Vladimir shahri meri Dmitriy Naumov, Rossiya Gvardiyasi Shimoliy Osetiya boshqarmasi rahbari Valeriy Golota va Arxangelsk viloyatining sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Aleksandr Gershtanskiy bor.
Ba’zi jinoiy ishlar harbiy mavzuga bog‘liq. Masalan, Kursk viloyati vitse-gubernatori vazifasini bajaruvchi Vladimir Bazarov Ukraina bilan chegarada mudofaa inshootlari qurilishi vaqtida mablag‘larni o‘zlashtirishda gumon qilinmoqda. Mudofaa vazirligining harbiy vakolatxonasi boshlig‘i Andrey Tyurin esa 40 million rubl zarar yetkazgan mudofaa buyurtmasining bajarilmay qolishida ayblanmoqda. Krasnodar o‘lkasining sobiq vitse-gubernatori Aleksandr Vlasov esa Ukrainadagi bosqin ishtirokchilariga mo‘ljallangan gumanitar yordamni o‘g‘irlashda gumon qilinib, hibsga olingan.
Hibslar soni tobora ortib bormoqda: yilning birinchi yarmida oyiga o‘rtacha 14 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, ikkinchi yarmida bu ko‘rsatkich 20 taga yetgan. Eng ko‘p hibsga olinganlar orasida kuch tuzilmalariga mansub shaxslar (32%) yetakchilik qiladi. Keyingi o‘rinlarda qurilish va kommunal xo‘jalik sohasidagi amaldorlar (21%), transport sohasi vakillari (14%), iqtisodiyot (8%) hamda tabiat resurslari va qishloq xo‘jaligi sohasi (7%) vakillari turadi.
Berlin Karnegi markazi ilmiy xodimi Tatyana Stanovayaning aytishicha, “qanchalik sodiq yoki ishonchli bo‘lmasin, bu endi hibsdan himoya qilmaydi, chunki tizimda sodiq bo‘lmagan odamlar allaqachon qolmagan.”
“Statistikaga kamida mintaqaviy vazirliklar rahbarlarining o‘rinbosarlari, senatorlar, federal va mintaqaviy darajadagi deputatlar, shuningdek, viloyat markazlari merlari kiritilgan. Ma’lumotlar ochiq manbalardan to‘plangan, davlat korxonalari rahbarlari bu hisob-kitobga kiritilmagan”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi