Rossiyada yana bir o‘zbekistonlik hibsga olindi
3-sahifa
−
22 yanvar 10983 2 daqiqa
Novosibirsk viloyatining Karasuksk tuman sudi noqonuniy migratsiyani tashkil etishda ayblab, O‘zbekiston fuqarosini hibsga oldi. Ayblovga ko‘ra, u va uning sheriklari internet orqali kamida 270 nafar xorijlikka soxta shartnomalar sotgan. Bu haqda viloyatning umumiy yurisdiksiya sudlari matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Novosibirskning Karasuksk tuman sudi tomonidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 322.1-moddasi 2-qismi “a” va “d” bandlarida (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan noqonuniy migratsiyani tashkil etish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Xidirov Mas’udaliga nisbatan tergovchining iltimosnomasi ko‘rib chiqildi”, deyiladi xabarda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Xidirov guruh tarkibida oldindan til biriktirib harakat qilgan. Ular kamida 270 nafar xorijiy davlat fuqarolariga, shu jumladan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlardan kelganlarga soxta fuqarolik-huquqiy shartnomalar tayyorlab, internet orqali sotgan.
Sud ayblanuvchiga nisbatan 2026 yil 28 fevralga qadar qamoq ehtiyot chorasini tanladi. Agar uning aybi isbotlansa, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 yanvar kuni Rossiyaning 2-G‘arbiy okrug harbiy sudi sudyalari hay’ati general-leytenant Igor Kirillov halok bo‘lgan teraktni sodir etganlikda ayblangan o‘zbekistonlik Ahmad Qurbonovga umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinladi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil 17 dekabr kuni O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan Ahmad Qurbonov Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) topshirig‘iga binoan general Kirillov yashagan uyning kirish qismiga rulida masofadan boshqariladigan bomba o‘rnatilgan elektro-samokatni qoldirgan. Shundan so‘ng terakt ijrochisi ijaraga olingan avtomobilga o‘tirib, bo‘layotgan voqealarni Ukrainaga jonli efirda uzatgan. General Igor Kirillov va uning yordamchisi mayor Ilya Polikarpov uyidan chiqqan paytda portlash sodir bo‘lib, ikki zobit ham halok bo‘lgan.
Live
Barchasi