Germaniya Rossiyaning NATO hududiga bostirib kirishini modellashtirdi
Olam
−
16:27 2197 2 daqiqa
Germaniyada harbiy o‘yinlar o‘tkazilib, unda Rossiyaning NATO hududiga bostirib kirishi ssenariysi modellashtirildi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, o‘yinlar tashkilotchisi “Die Welt” gazetasi bo‘lib, u Germaniya Harbiy o‘yinlar markazi bilan hamkorlik qilgan. Mashg‘ulotlar 2025 yil dekabr oyida Gamburgdagi Germaniya qurolli kuchlari universitetida o‘tkazilgan.
O‘yin ssenariysiga ko‘ra, Rossiya 2026 yil oktyabr oyida Kaliningrad viloyatidagi gumanitar inqirozni bahona qilib Litvaga kirgan. Rossiya qo‘shinlari Rossiya va Belarus chegaralaridan bir necha o‘n kilometr uzoqlikda joylashgan Mariyampole shahrini egallagan.
Moskvaning o‘z harakatlarini gumanitar deb atagan bayonotlari AQSHning Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasini qo‘llashdan voz kechishi uchun yetarli bo‘lgan. Ushbu moddaga ko‘ra, NATOga a’zo davlatlardan kamida biriga qurolli hujum qilingan taqdirda, barcha a’zolar buni o‘zlariga qarshi hujum sifatida baholaydi va hujumga uchragan tomonga yoki tomonlarga yordam ko‘rsatadi.
Biroq, o‘yin ssenariysiga ko‘ra, Germaniya ikkilanib qolgan, Polsha esa qo‘shinlarini safarbar qilib Litva chegarasiga yo‘l olgan, ammo uni kesib o‘tmagan. Natijada Rossiya bir necha kun ichida NATOga bo‘lgan ishonchni izdan chiqara olgan va atigi 15 mingga yaqin harbiydan iborat kontingentni joylashtirgan holda Boltiqbo‘yi mintaqasi ustidan nazorat o‘rnatgan.
“Tiyib turish faqat imkoniyatlarga emas, balki raqib bizning irodamiz haqida nima deb o‘ylashiga ham bog‘liq. Harbiy o‘yinlar davomida men va “rossiyalik hamkasblarim” buni bilardik: Germaniya ikkilanadi. G‘alaba uchun shu yetarli edi”, deya izoh bergan harbiy tahlilchi Frans-Shtefan Gadi.
U Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i rolini ijro etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO 2027 yil oxiriga qadar Rossiya va Belarus bilan chegara qismini ehtimoliy harbiy hujumdan himoyalash maqsadida robotlar va dronlar bilan jihozlashi, bundan tashqari, chegarada masofadan boshqariladigan robot tizimlari bilan jihozlangan bo‘lim ham tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi