Rossiyada yana reyd. 500 dan ortiq migrant ushlandi (video)
Olam
−
08 iyul 8740 1 daqiqa
Rossiyaning Moskva shahri huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari noqonuniy migratsiyani aniqlash bo‘yicha reydlar o‘tkazib, 500 dan ortiq migrantni hibsga oldi. Bu haqda bugun, 8 iyul kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, Moskvadagi xostellar va namoz o‘qiladigan uylarda “noqonuniy migratsiya kanallari”ni aniqlash maqsadida tekshiruvlar o‘tkazilgan. Natijada 500 dan ortiq kishi hujjatlarini tekshirish uchun politsiyaga olib borilgan.
Rossiyada qolish tartib-qoidalarini buzgani uchun 30 dan ortiq shaxs mamlakatdan chiqarib yuborilgan. Shuningdek, reyd chog‘ida federal qidiruvda bo‘lgan bir kishi aniqlangani aytilmoqda.
Tergov qo‘mitasi noqonuniy migratsiyani tashkil etish uchun belgilangan javobgarlikni ham eslatib o‘tgan. Bu kabi jinoyatlar uchun Rossiyada 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya kuch ishlatar tuzilmalari tomonidan markaziy osiyolik, shuningdek, Ozarbayjon fuqarolariga qarshi o‘tkazilgan reydlar noroziliklarga, hatto Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasidagi diplomatik aloqalarning keskinlashuviga olib kelgandi. OMON tomonidan o‘tkazilgan reydlar davomida migrantlarga juda qo‘pol munosabat qilingan va ularning huquqlari ochiqchasiga buzilgandi.