Rossiyadan necha migrant deportatsiya qilinishi kerakligi aytildi
Olam
−
13 Oktabr 6697 2 daqiqa
Joriy yilning 1 sentyabr holatiga ko‘ra, Rossiya Ichki ishlar vazirligining nazorat ostidagi shaxslar reyestriga 770 ming migrant kiritilgan bo‘lib, ularning uchdan bir qismi ayollar va bolalardir. Bu haqda Davlat dumasi xabar berdi.
“Hozir ular uchun yangi migratsiya rejimi – deportatsiya rejimi amal qilmoqda”, deyiladi xabarda.
Quyi palata spikeri Vyacheslav Volodinning aytishicha, Rossiya Federal sud ijrochilari xizmati joriy yilning dastlabki sakkiz oyida 35 mingga yaqin migrantni Rossiya immigratsiya qonunchiligini buzgani uchun mamlakatdan chiqarib yuborgan.
Volodin 10 sentyabr kuni Nazorat qilinadigan shaxslar reyestri – Rossiyada noqonuniy yashayotgan migrantlar ma’lumotlar bazasiga kiritilgan xorijiy fuqarolarning Rossiyada bo‘lish muddati tugaganini eslatdi.
2025 yil 5 fevraldan boshlab Rossiya migratsiya qoidalarini buzgan xorijliklarni maxsus reyestrga qo‘shishni boshladi. Volodinning aniqlik kiritishicha, ushbu ro‘yxatda fuqarolik yoki migratsiya holati uchun zarur hujjatlarni taqdim etmagan, yashash yoki turarjoyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmagan, yillik tibbiy ko‘rikdan o‘tish, barmoq izlarini olish yoki suratga olish kabi majburiy tartiblarni o‘tkazish uchun belgilangan muddatlarni o‘tkazib yuborganlar ham bor. Muddati o‘tgan patentlari, ishlashga ruxsatnomalari yoki mehnat shartnomasi bo‘lgan migrantlar ham shular jumlasidandir.
Joriy rejim bir qator huquqlarga nisbatan nazoratni kuchaytirish va cheklashlarni nazarda tutadi. Ushbu ro‘yxatda bo‘lganlar haydovchilik guvohnomasini ololmaydi, transport vositalarini boshqara olmaydi, ko‘chmas mulk yoki avtomashina sotib olmaydi yoki sota olmaydi, turmushga chiqa olmaydi, bankda hisob raqamlarini ochishi mumkin emas va o‘z mablag‘larini boshqara olmaydi.
“Rossiyada yashash maqomini qonuniylashtirmaganlarning hammasi rejalashtirilgan chiqib ketish sanasi, joyi va yo‘nalishini ko‘rsatgan holda mamlakatimizni tark etishi shart. Aks holda, migrant majburiy deportatsiya va jarimaga tortilishi mumkin. Shundan so‘ng ularga kamida besh yil davomida Rossiyaga kirish taqiqlanadi”, deb tushuntirdi Davlat dumasi spikeri.
Volodin yaratilgan tizim migratsiya sohasida tartib o‘rnatish, chet el fuqarolari tomonidan qonunlarga rioya etishini ta’minlashga qaratilganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada 2025 yilning 9 oyi davomida xavfli infeksiyaga chalingan 4500 migrant Rossiyadan deportatsiya qilingandi.
Live
Barchasi