Sadir Japarov o‘lim jazosi taqdirini kim hal qilishini aytdi
Olam
−
06 Oktabr 8301 3 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakatda o‘lim jazosini qayta tiklash tashabbusiga faqat xalq haqli ekanini aytdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Askat Alagozov o‘zining Facebook sahifasida yozdi.
Munozaraga joriy yilning sentyabr oyi oxirida alohida shafqatsizlik bilan o‘ldirilgan 17 yoshli Oysuluv Mukashevaning fojiali o‘limi sabab bo‘lgan. Jamoatchilik ayollar va bolalarga qarshi jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirishni talab qildi.
Prezident tergovni shaxsan o‘zi nazoratga olganini va o‘z ma’muriyatiga jazolarni kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartishlar kiritish loyihasini ishlab chiqishni topshirganini aytdi. Sadir Japarov voyaga yetmaganlar va ayollarni o‘ldirish, zo‘rlash bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortib borayotgani, “standart” qamoq jazosi jinoyatchilarga endi to‘sqinlik qilmayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, u korrupsiya jinoyatlari o‘lim bilan jazolanishi mumkin emasligini ta’kidladi. U o‘lim jazosi faqat shafqatsiz qotilliklar va pedofillik uchun bo‘lishini aytdi.
Odil sudlovning noto‘g‘ri bo‘lishi xavfi haqidagi jamoatchilik xavotirlariga javob berar ekan, davlat rahbari XXI asr tergov va sud jarayonlarini shaffof o‘tkazish, jumladan, videoyozuv va onlayn translyatsiyalar uchun texnologik imkoniyatlarni taqdim etishini ta’kidladi.
“Biz bu masalani yolg‘iz hal qilmaymiz. Xalq bilan maslahatlashamiz. Bu masala umumxalq referendumiga qo‘yilishi mumkin. Agar ko‘pchilik buni qo‘llab-quvvatlasa, Konstitutsiya va qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, xalqaro majburiyatlarni qayta ko‘rib chiqish zarur bo‘ladi”, dedi Sadir Japarov.
Prezident ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish ustuvor vazifa bo‘lib qolayotganini, bunday dolzarb masala bo‘yicha qaror faqat xalq tomonidan qabul qilinishi kerakligini qo‘shimcha qildi.
Ma’lumot uchun, mazkur qotillik joriy yilning 27 sentyabr kuni sodir bo‘lgan. Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyati Yetti-O‘g‘uz tumani Barskaun qishlog‘ida yashovchi 17 yoshli Oysuluv ismli qiz zo‘rlandi, keyin o‘ldirib ketildi.
Ma’lum qilinishicha, u tushdan keyin uyidan chiqib, dugonasining oldiga, Qorako‘l shahriga ketgan. Yo‘lda unga Honda Stream mashinasi to‘xtagan, rulda esa ilgari bir necha marta sudlangan 1984 yilda tug‘ilgan erkak bo‘lgan.
Oysuluv dugonasining oldiga yetib bormagan: erkak uni olma bog‘iga olib borib zo‘rlagan, so‘ngra boshqa joyga olib chiqib bo‘g‘ib o‘ldirgan. U qizning jasadini Kemin tumaniga tashlab ketgan va Bishkekka qochib, telefonini ham ataylab yo‘qotgan.
Taxminan soat 19:30 da Oysuluvning qarindoshlari politsiyaga murojaat qilgan, ammo u paytga kelib qiz allaqachon o‘ldirilib ketilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar gumonlanuvchini qisqa vaqt ichida qo‘lga olgan.
Oysuluv 30 sentyabr kuni o‘z qishlog‘ida dafn etildi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, qizni 41 yoshli Bishkek shahrida yashovchi erkak zo‘rlagan va keyinchalik qilgan qabih ishi fosh bo‘lmasligi uchun o‘ldirgan. Gumonlanuvchi hibsga olingan va zarur ekspertizalar tayinlangan.
Qizning qarindoshlariga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar 3 kun o‘tmaguncha ariza qabul qila olmasligini aytgan.
IIV xizmat tekshiruvi o‘tkazib, bu ma’lumotlar yolg‘on ekanini aniqlagan.
Qirg‘izistonda qotillik va zo‘rlash bilan bog‘liq jinoyat statistikasi
- 2021 yilda 39 ta qotillik qayd etilgan bo‘lib, ulardan 2 nafari 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 1 nafari o‘smirlar va 36 nafari ayollar qurbon bo‘lgan;
- 2022 yilda – 43 ta qotillik (1 bola, 1 o‘smir, 41 ayol);
- 2023 yilda – 25 ta qotillik (2 bola, 2 o‘smir, 21 ayol);
- 2024 yilda – 43 ta qotillik (5 bola, 4 o‘smir, 34 ayol);
- 2025 yilning 8 oyida 28 ta qotillik (3 bola, 4 o‘smir, 21 ayol) sodir etilgan.
Zo‘rlash ko‘rsatkichlari:
- 2021 yil – 80 ta holat (shu jumladan 21 bola va 47 o‘smir);
- 2022 yil – 70 ta holat;
- 2023 yil – 175 holat (44 bola, 116 o‘smir, 15 ayol);
- 2024 yil – 107 ta holat;
- 2025 yilning 8 oyi uchun – 81 ta holat.
Live
Barchasi