Japarovning Konstitutsiyaga zid taklifi: 17 yoshli qiz bilan bog‘liq voqeadan so‘ng Prezident Qirg‘izistonda o‘lim jazosini tiklamoqchi

Tahlil

image

Bundan bir hafta oldin, 27 sentyabrda issiqko‘llik 17 yoshli Oysuluv Mukasheva duch kelgan fojia butun Qirg‘izistonni larzaga soldi. Gap shundaki, endigina 11 sinfga qadam qo‘ygan bu qiz o‘g‘irlab ketilib, jinsiy zo‘ravonlikka uchragan va keyin vahshiylarcha o‘ldirilib, dalaga tashlab ketilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni tushdan keyin Oysuluv Qorako‘l shahridagi dugonasinikiga borishini aytib, Barskaun qishlog‘idagi uyidan chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan. U tushib qolgan kuzatuv kamerasi yozuvlarida qizning yo‘l yoqasida yurib ketayotgani aks etgan. Keyinchalik uning jasadi uzoq dara yaqinidagi Jal-Ariq hududidan topilib, qizning zo‘rlangani va o‘ldirilgani aniqlangan. Hozirda esa kuzatuv kamerasida muhrlangan kadrlarga asoslanib, Oysuluvning yo‘ldan o‘tgan mashinaga o‘tirib ketgani taxmin qilinmoqda va 41 yoshli haydovchi gumonlanuvchi tariqasida qo‘lga olingan.

Qirg‘iz OAVlarining yozishicha, jinoyat 27 sentyabr kuni Jenish qishlog‘ida joylashgan “Azamat” plyaji hududidagi olma bog‘ida soat 13:00 lar atrofida sodir etilgan. Oysuluv 30 sentyabr kuni o‘z qishlog‘ida dafn etildi. Mazkur voqea insonlar qalbini junbishga keltirdi, ijtimoiy tarmoqlar turli munozaralarga to‘lib-toshdi. Eng shov-shuvlisi Prezident Sadir Japarovning munosabati bo‘ldi.  U mamlakatda bolalar va ayollarga nisbatan sodir etilgan og‘ir jinoyatlar uchun o‘lim jazosini joriy etishni taklif qildi.

“Davlat rahbari jamoatchilikni larzaga solgan ushbu jinoyat haqidagi xabarni chuqur taassuf bilan qabul qildi. Shu bilan birga, Prezident Administratsiyasi Huquqiy ta’minot bo‘limi mudiri Murod Ukushevga qonun hujjatlariga bolalar va ayollarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritish ustida ish olib borishni topshirdi. Xususan, ayollar va yosh bolalarni o‘ldirishda aybdor deb topilganlarga o‘lim jazosini qo‘llash uchun qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish ustida ish olib borishni topshirdi”, degan Prezident matbuot kotibi Askat Alagozov.

Japarovning taklifini kutilmagan va yangi, deb bo‘lmaydi. Masalan, 2022 yilda ham voyaga yetmaganlarga qarshi zo‘ravonlik holatlarining ortib borayotgani fonida qirg‘izistonlik ba’zi deputatlar bunday jinoyatlar uchun o‘lim jazosi qo‘llanilishini nazarda tutuvchi qonun loyihalarini ilgari surgan, hatto referendum o‘tkazish masalasi ham ko‘tarilgan. Biroq ayrim ekspert va deputatlar bu tashabbusga qarshi chiqqan. Ular Qirg‘iziston sud tizimining adolatsiz va nomustaqil ekanini qayd etib, begunoh odamlar o‘ldirib yuborilishi mumkinligini ta’kidlagan. Bosh vazir o‘rinbosari Edil Baysalov ham qonun loyihasiga qarshi chiqib,

“Hukumat bunday hissiy tashabbuslardan Konstitutsiyani qat’iy himoya qiladi”, degan edi.

E’tiborli tomoni shundaki, Japarov qaytarmoqchi bo‘lgan o‘lim jazosi mamlakat Konstitutsiyasida ham mutlaqo taqiqlangan.

Qirg‘izistonda o‘lim jazosining amalda va rasmiy bekor qilinishi

Qirg‘izistonda o‘lim jazosi oxirgi marta 1998 yilda ijro etilgan. 1991 yildan 1998 yilgacha bo‘lgan davrda ushbu hukm otuv yo‘li bilan amalga oshirilgan. Jinoyat kodeksiga ko‘ra, ijro oshkora amalga oshirilmagan. Qatl ijro etilgachgina marhumning qarindoshlariga xabar qilingan, lekin jasad qaytarib berilmagan va dafn joyi sir saqlangan.

Amalda mavjud bo‘lmasa-da, 2005 yilgacha Jinoyat kodeksida quyidagi jinoyatlar uchun o‘lim jazosi belgilab qo‘yilgan edi:
•  Og‘irlashtiruvchi holatlar bilan sodir etilgan qotillik;
•  Voyaga yetmagan qizni jinsiy zo‘rlash;
•  Genotsid.

18 yoshga to‘lmagan shaxslar, ayollar hamda 60 yosh va undan oshgan fuqarolarga nisbatan bunday jazo qo‘llanishi taqiqlangan edi. Shuningdek, ruhiy kasallik yoki boshqa ruhiy buzilishlarga uchragan shaxslar ham o‘lim jazosidan omonda qolgan.

2007 yil 25 iyunda Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi prezidenti Qurmanbek Bakiyev Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kirituvchi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosi bilan almashtirildi. Shu tariqa, mamlakatda eng og‘ir jazo chorasi sifatida umrbod qamoq joriy etildi. 2010 yilda Qirg‘iziston “Fuqarolik va siyosiy huquqlar bo‘yicha xalqaro pakt”ning ikkinchi ixtiyoriy protokolini ratifikatsiya qilib, o‘lim jazosini butunlay bekor qilish majburiyatini olgan.

O‘lim jazosi mavjud bo‘lgan davrda ham, bekor qilingan davrda ham sud tizimi e’tirozlar ostida qolmoqda. Qirg‘iziston qonunchiligiga ko‘ra, inson huquq va erkinliklari sud orqali himoya qilinadi. Ammo amaliyotda mamlakat sud tizimi doimiy ravishda huquq himoyachilari va xalqaro tashkilotlar tomonidan tanqid qilinadi. Masalan, Penal Reform International xalqaro nodavlat tashkiloti taqdim etgan “Markaziy Osiyoda o‘lim jazosining bekor qilinishi” hisobotida shunday deyiladi:

“Mintaqa davlatlaridagi sud tizimi sovet davridan qolgan bo‘lib, prokuratura organlari nomutanosib vakolatlarga egalik qiladi. Shuningdek, sudgacha tergovlar ham asosan aybni isbotlashga qaratiladi, aybsizlikni ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan dalillarni to‘plash esa e’tibordan chetda qoldiriladi. Chunki sudya, prokuror va tergovchilar oqlov hukmi chiqarish orqali jamiyat oldida korrupsiyaga qo‘l urgandek ko‘rinishdan xavotirlanadi. Buning oqibatida, oqlov ko‘rsatkichlari nihoyatda past va aybsiz deb topilganlar juda kam”.

Bundan tashqari, hisobotda davlat tomonidan tayinlanadigan advokatlarga juda kam haq to‘lanishi va ular mijozni himoya qilish bilan emas, aksincha, tergovchilar qo‘ygan aylovni isbotlash bilan shug‘ullanishi ta’kidlangan. Qolaversa, tergov jarayonida sodir etiladigan qiynoq amaliyoti ham tanqid qilingan.

Jazoning qattiqligi emas, muqarrarligi muhim

Inson hayotiga nuqta qo‘yish vakolati haqida gap borar ekan, har bir jihat aniqlikka muhtoj. QALAMPIR.UZ bog‘langan inson huquqlari faoli Ozod Jo‘raboyevning fikricha, o‘lim jazosini tiklash masalasi gumanizm tamoyillari, xalqaro me’yorlar va jinoyatchilikka qarshi kurashning amaliy samaradorligi nuqtai nazaridan baholanishi zarur. U adolatga erishishning eng to‘g‘ri yo‘li jazoni o‘ta qattiqlashtirish emas, balki uning muqarrarligini ta’minlash ekanini aytadi.

Huquq faoliga ko‘ra, o‘lim jazosini tiklash quyidagi fundamental sabablarga asosan nomaqbul hisoblanadi:

1. Fundamental huquq va tuzatib bo‘lmas xato xavfi. O‘lim qaytarib bo‘lmaydigan jazo chorasidir. Qanchalik mukammal bo‘lmasin, sud tizimida xato ehtimoli doim mavjud.

2. O‘lim jazosi samarali to‘siq emas. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, jazoning qattiqligi uning samaradorligiga bevosita ta’sir qilmaydi. Masalan, Hindistonda 12 yoshgacha bo‘lgan qizlarni zo‘rlash kabi jinsiy jinoyatlar uchun o‘lim jazosi joriy qilingan bo‘lsa ham mamlakatda bu turdagi jinoyatlar soni yuqori ko‘rsatkichlarda qolmoqda.

“Japarovning taklifi Mukashevaning o‘limi tufayli yuzaga kelgan ijtimoiy g‘azabga siyosiy javobdir. Biroq, davlatlar populizmga emas, balki prinsipializmga va tizimli mustahkamlikka asoslanishi kerak. O‘lim jazosini tiklash bu oldinga emas, balki o‘tmishga chekinishdir”, deydi huquq faoli.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston o'lim jazosi Sadir Japarov Oysuluv Mukasheva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing