Sadir Japarov O‘zbekistonga doimo o‘zgacha tuyg‘u bilan kelishini aytdi (video)
Jamiyat
−
16 noyabr 6751 2 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etdi. U o‘z nutqida samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirib, Samarqand shahrida UNESCO Bosh Assambleyasining 43-sessiyasi muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi.
“Avvalo, O‘zbekiston Prezidenti, muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga an’anaviy samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Biz Markaziy Osiyoning chinakam hamjihatligi muhiti sezilayotgan qardosh O‘zbekistonga doimo o‘zgacha tuyg‘u bilan kelamiz”, dedi Japarov.
Qirg‘iziston rahbari mintaqada iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi. Uning ma’lum qilishicha, Markaziy Osiyo davlatlaridan Qirg‘izistonga o‘tgan yili to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 15 foizga oshib, 135 million dollarga yetgan. Oxirgi uch yilda Qirg‘izistonning mintaqa bilan tovar ayirboshlash hajmi 28 foizga oshib, joriy yilning yanvar-avgust oylarida 1,7 milliard dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14 foizga oshgan.
Sadir Japarov transport infratuzilmasini rivojlantirishga ham e’tibor qaratdi. U “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishining strategik ahamiyatini ta’kidladi, uning aytishicha, bu yangi transport arteriyasini yaratib, logistika yo‘nalishlarini qisqartiradi, Osiyo va Yevropaning yirik bozorlariga yo‘l ochadi. Shu nuqtai nazardan, u “Zangezur yo‘lagi” loyihasi temiryo‘lning mantiqiy va strategik davomi bo‘lishini, mintaqaviy transport aloqalarini mustahkamlashini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida faxriy mehmon sifatida ishtirok etish uchun Ilhom Aliyev amaliy tashrif bilan Toshkentga kelgani va Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ham Toshkentga kelgan va Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazgandi. Ular Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi va “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti sovrindorlarini taqdirlash marosimida ishtirok etdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan bugun, 16 noyabr kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov davlat tashrifi bilan Toshkentga keldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Live
Barchasi