Said-Abdulaziz Yusupov ishi DXX tergoviga tasodifan tushib qolmagan

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish Jamoat fondi direktori Said-Abdulaziz Yusupov DXX tomonidan hibsga olingani va unga nisbatan jinoyat ishi ochilgani haqida xabar bergan edik.

Uning ishi hozirda qay ahvolda, Yusupovning jinoiy sheriklari bo‘lganmi?

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, Said-Abdulaziz Yusupovning jinoiy sheriklari bor-yo‘qligi bo‘yicha hozircha biror ma’lumot aniqlanmagan. Bu haqda kecha, 14 iyun kuni Prokuratura organlari faoliyatiga bag‘ishlangan brifingda aytib o‘tildi, deb xabar berdi QALAMPIR.UZ muxbiri.

“Jinoyat-protsessual kodeksining 345-moddasida qaysi organ qaysi holatda ishni ko‘rib chiqishi mumkinligi keltirib o‘tilgan. Unda 168-moddaning (firibgarlik) ikkinchi va uchinchi qismlarida ichki ishlar organlari vakolatidaligi belgilangan. 168-moddaning 4-qismi “a” bandi bo‘yicha qaysi organ ishni olib borishi keltirilmagan.

Jinoyat-protsessual kodeksimizda jinoyatlar borki, tegishliligi ko‘rsatilmagan. Bunday holatlarda jinoyat ishini qo‘zg‘atgan organ tergovni olib borishga haqli hisoblanadi. Bu shaxs aynan Davlat xavfsizlik xodimiman degan vaj bilan jabrlanuvchilardan katta summada pul olgan. Mana shu argument yuzasidan ham Davlat xavfsizlik xizmati tergov olib bormoqda. Unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Bu ish tafsilotlarini aniqlash bu tergov jarayonida aniqlanadigan holat. Bu ish bizning nazoratimizda. Lekin bu bizning ish yurituvimizda degani emas. O‘ylaymanki, Said-Abdulaziz Yusupov ishi bo‘yicha sud o‘zining munosabatini beradi. Ayblov xulosasi o‘rganiladi. Sud munosabatidan so‘ng, bu masalaga qaytish to‘g‘ri bo‘ladi”, dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev.

Bosh prokuror o‘rinbosari Said-Abdulaziz Yusupov ishi doirasida maksimal shaffoflik ta’minlanganini alohida qayd etdi va ishning nega IIV yurituviga emas, DXX tomonidan olib borilayotganini aytib o‘tdi.

“Bir narsani alohida ta’kidlayman. Biz bu jinoyat ishi doirasida maksimum darajada shaffoflikni ta’minlashga harakat qildik. Birinchidan bu jinoyat ishi DXX tergoviga tasodifan tushib qolgani yo‘q. Jinoyat ishi bo‘yicha olti nafar jabrlanuvchi bor. Bu murojaatlarda Said-Abdulaziz Yusupov o‘zini DXXga aloqador shaxs sifatida ko‘rsatib, shu bilan birgalikda ayrim harakatlarni sodir etgan holda ularni pul berishga dalolat qilganligi haqida ma’lumotlar bor. Tabiiyki, bu jarayonda DXX organi xodimilarining bu ishga aloqadorligi, chindan alqoqadormi, yo‘qmi, yoki boshqa xodimlarning dahldorligi bormi, yo‘qmi degan masalani ichki ishlar organlari tergovchisi aniqlay olmaydi. DXX tergov organi tomonidan harakatlarning olib borilishi va masalalarning aniqlanish amaliyoti borligi sir emas. Bu ham shunday jinoyat ishlarining bittasi. Said-Abdulaziz Yusupovni DXXning qo‘liga topshirib qo‘yish uchun tergovga berganimiz yo‘q. Biz jinoyatning haqiqiy holatlari, haqqoniy tezkor va to‘g‘ri yechilishi uchun harakat qilganmiz. Bizning 20-boshqarmamiz DXX tergovi ustidan nazoratni olib boradi. Har bir jinoyat ishi bizning nazoratimizda. Bu jarayonlarning barchasi jinoyat protsessual qonuni talabi darajasida va doirasida amalga oshiriladi. Said-Abdulaziz Yusupovning jinoyat ishi bo‘yicha ham amalga oshirilyapti. Qaranglar biz hammamiz, “Said-Abdulaziz Yusupov kaltaklanibdi, unga nisbatan tazyiq o‘tkazilibdi. Tan jarohatlari chiqmagandan keyin, yo‘q bu tazyiq faqat psixologik, ruhiy bosim ostida bo‘layotgan ishlar ekan”, degan hech bir asosi bo‘lmagan bayonotlarga tayanib, bu jabrlanuvchi, Said-Abdulaziz Yusupov jabrlanuvchi deyapmiz. Yo‘q, bu jinoyat ishi bo‘yicha pulini berib, firibgarlik tuzog‘iga duchor bo‘lgan olti odam haqida nimaga aytilmayapti”, dedi Erkin Yo‘ldoshev.

Avvalroq, ayblanuvchining ukasi Muhammad Bahouddin Yusupov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida onasining murojaat shaklidagi videosini joylagandi. Unda ayblanuvchining onasi farzandini ko‘rish uchun kutib turgani, lekin uni boshqa yerdan olib ketishgani haqida gapirgan.

Muhammad Bahouddin Yusupovning aytishicha, 9 iyunda oila a’zolari akasini ularning guvohligida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishlarini talab qilib, Bosh prokuraturaga xat yozgan. Biroq kichik Yusupovning yozishicha, tibbiy ko‘rik vaqtida ham, ko‘rik tugagach ham Said-Abdulaziz Yusupov oila a’zolari bilan ko‘risha olmagan.

Bosh prokuratura esa rasmiy ravishda Said-Abdulaziz Yusupovning tanasida qiynoq alomatlari bo‘lmaganini ma’lum qildi.

Joriy yilning 10 may kuni Said-Abdulaziz Yusupov Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib ushlangan va DXX tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.

12 may kuni DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Said-Abdulaziz Yusupov jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Said-Abdulaziz Yusupov

Baholaganlar

157

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing