Saida Mirziyoyeva Bishkekda Qirg‘iziston Prezidenti bilan uchrashdi
Jamiyat
−
20 avgust 5404 2 daqiqa
Bugun, 20 avgust kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevani qabul qildi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda tomonlar ikki tomonlama hamkorlik masalalarini, jumladan, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar va ta’lim aloqalarini mustahkamlash yo‘llarini muhokama qilgan.
Japarovning bildirishicha, O‘zbekiston Prezidenti bilan qo‘shma sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlari izchil rivojlanib, strategik sheriklik ruhida mustahkamlanmoqda.

Saida Mirziyoyeva samimiy qabul uchun Qirg‘iziston tomoniga minnatdorlik bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning salomi va eng ezgu tilaklarini Sadir Japarovga yetkazgan.
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan yuksak darajadagi munosabatlarni alohida ta’kidlab, bu jarayonda ikki mamlakat rahbarlarining muhim rol o‘ynashini qayd etgan.
Saida Mirziyoyeva yoshlar siyosatini rivojlantirish masalasiga to‘xtalar ekan, Bishkekda o‘tkazilayotgan “Zakovat” intellektual o‘yini haqida gapirgan. U mazkur tadbir allaqachon ikki davlat yoshlari o‘rtasida jamoaviy ruh va do‘stona aloqalar o‘rnatish ramziga aylanganini ta’kidlagan.
Uchrashuv yakunida Sadir Japarov Saida Mirziyoyevaga mas’uliyatli davlat faoliyatida katta yutuqlar tilagan.

Ma’lumot uchun, bugun, 20 avgust kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida “Zakovat Asian Cup II” intellektual o‘yinlari o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston va Qirg‘iziston “Zakovat” terma jamoalari bugun, 20 avgust kuni Toshkent vaqti bilan 17:00 da – “Zakovat Asian Cup” bosh sovrini uchun bahslashadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili avgust oyida Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev qabulida bo‘lgandi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilingan.
Live
Barchasi