Saida Mirziyoyeva Rossiya Bosh vaziri bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Kecha, 29 may kuni O‘zbekiston delegatsiyasining Moskvaga tashrifi yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi Mixail Mishustin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.

“Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi, bunda savdo, investitsiyalar, mehnat migratsiyasi va yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tovar ayirboshlash hajmi ortib borayotgani, qo‘shma loyihalar, eng avvalo, sanoat va energetika sohalarida faol ilgari surilayotgani alohida ta’kidlandi. Migratsiya tartib-taomillarini tezlashtirish chora-tadbirlari va patentlarni rasmiylashtirish bosqichlarining bir qismini O‘zbekiston hududiga ko‘chirish imkoniyatlari muhokama qilindi”, deb yozdi Mirziyoyeva.

Shuningdek, uchrashuvda mintaqalararo hamkorlik va yangi ta’lim tashabbuslarini amalga oshirish, jumladan, oliy o‘quv yurtlarining yangi filiallarini ochish va MISiS muhandislik maktabini ishga tushirish muhimligi qayd etilgan. O‘zaro ishonch va ochiqlik ruhida o‘tgan suhbat hamkorlikda amaliy natijalarga erishishga tomonlarning intilishi qat’iy ekanligini tasdiqladi.

“Ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun Rossiya tomoniga samimiy minnatdorlik bildiraman”, deb yozadi Saida Mirziyoyeva. 

Qayd etish joiz, O‘zbekiston delegatsiyasining Moskvaga tashrifi doirasida 28 may kuni Saida Mirziyoyeva Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Anton Vayno, uning birinchi o‘rinbosarlari Sergey Kiriyenko va Aleksey Gromov hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiy bilan, kecha, 29 may kuni Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi. O‘zbekiston Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov esa 28 may kuni Rossiya Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari – Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov bilan uchrashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Shavkat Mirziyoev Saida Mirziyoeva Mixail Mishustin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing