Saida Mirziyoyeva va Komil Allamjonov Vashingtonda Trampning maxsus vakili bilan uchrashdi
Jamiyat
−
07 aprel 5414 2 daqiqa
Kecha, 6 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Vashington shahrida AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor bilan uchrashdi. Bu haqda Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Qayd etilishicha, hamkasblar o‘rtasidagi muloqot Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining faoliyati rasman boshlanish arafasida bo‘lgan.
“AQSH poytaxtida hamkasbim, Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi hamraisi, elchi Serjio Gor bilan samarali uchrashuv o‘tkazdik. Unda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ishbilarmonlik hamkorligining asosiy masalalarini muhokama qildik. Uchrashuv kengash faoliyati rasman boshlanishi arafasida bo‘lib o‘tdi”, deya yozgan Mirziyoyeva.
Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu tuzilma O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi biznes aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan samarali maydonga aylanadi.
“Bunga mamlakatlarimiz Prezidentlarining qat’iy siyosiy irodasi mustahkam zamin yaratmoqda. Ishbilarmonlik dasturi davom etmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan Prezident Administratsiyasi rahbari.
Shuningdek, uchrashuvda Prezident Administratsiyasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Komil Allamjonov ham ishtirok etgan.
Qayd etish joiz, Shavkat Mirziyoyev 2025 yilning 6-7 noyabr kunlari AQSHga borgan edi. O‘zbekiston yetakchisi Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazdi, Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining S5+1 formatidagi sammitida ishtirok etdi. Shundan so‘ng Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashi tashkil etildi. Kengash faoliyatini O‘zbekiston tomonidan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor boshqarib boradi. Prezident Administratsiyasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Komil Allamjonov esa O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi maslahatchi-elchisi – Prezident Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimiga tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi 7 fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu yig‘ilishda Serjio Gor Saida Mirziyoyeva bilan uchrashib, boshqa ko‘plab mavzular qatorida ikki davlat o‘rtasida tijorat diplomatiyasini kuchaytirish masalalarini muhokama qilgan.
Live
Barchasi