Saloh “Liverpul” tarkibiga qaytdi
Sport
−
13 dekabr 2391 2 daqiqa
Muhammad Saloh Premer-liga doirasida “Liverpul”ning “Brayton”ga qarshi “Enfild”da bo‘lib o‘tadigan uchrashuvi uchun jamoa qaydnomasiga kiritildi. Bu haqda “Sky Sports” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, bu qaror bosh murabbiy Arne Slot bilan kelishilgan. Murabbiy klub manfaatlarini ustuvor deb bilishini va Salohni maydonga tushirish yoki tushirmaslik bo‘yicha yakuniy qarorni o‘zi qabul qilishini ta’kidlagan.
Slot 12 dekabr kuni ertalab misrlik hujumchi bilan suhbatlashishini aytgan. Bungacha Saloh Chempionlar ligasi doirasida “Inter”ga qarshi o‘yinga olib ketilmagan va Premer-ligadagi “Liverpul”ning so‘nggi 3 ta uchrashuvida zaxirada qoldirilgan edi.
“Men bugun ertalab Saloh bilan gaplashaman. Bu suhbat ertaga vaziyat qanday bo‘lishini belgilaydi. Keyingi safar Saloh haqida gapiradigan bo‘lsam, buni bu yerda emas, uning o‘zi bilan qilganim ma’qul. Bu mavzuda boshqa izoh berish qiyin”, deydi Slot o‘yinoldi matbuot anjumanida.
Slot shuningdek, joriy yilning 3 dekabr kuni “Sanderlend”ga qarshi o‘yindan (1:1) so‘ng Saloh, uning vakillari va klub rahbariyati o‘rtasida bir nechta suhbatlar bo‘lib o‘tganini tasdiqladi.
Ma’lumot uchun, “Liverpul” va “Brayton” uchrashuvi bugun, 13 dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Muhammad Salohning “Liverpul” bilan bo‘layotgan vaziyatlar fonida Saudiya Arabistoni jamoalari misrlik futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilayotgan edi.
Live
Barchasi