Samarqandda 16 yoshli qiz burun operatsiyasi vaqtida vafot etdi
3-sahifa
−
11 iyul 31918 2 daqiqa
Samarqand shahrida burun operatsiyasiga kirgan 16 yoshli qiz shifoxonada vafot etdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga marhumaning onasi ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, joriy yilning 1 iyul kuni 2009 yilda tug‘ilgan qiz nafas olishga qiynalayotgani uchun buvisi bilan viloyat Markaziy shifoxonasiga borgan. Shifokorlar esa uni operatsiya qilish zarurligini aytgan. 3 iyul kuni soat 11:30 larda qiz jarrohlik amaliyotiga olib kirilgan. Marhumaning buvisi o‘sha kuni amaliyot davomida qizdan xabar olish uchun bir necha bor harakat qilgan, biroq nevarasining hali “o‘ziga kelmagani” aytilgan. Marhumaning onasi shifokorlar qizining yuragi operatsiyani ko‘tara olmagini aytganini, lekin farzandining sog‘lom bo‘lganini bildirib, aybdorlarga tegishli chora ko‘rilishini so‘ramoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, qiz chet eldagi xorijiy universitetda tibbiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan bo‘lgan. Ta’til vaqtida buvisinikiga kelgan. Voqea sodir bo‘lgan payt uning ota-onasi ham xorijda bo‘lgan.
Samarqand viloyati prokuraturasiga ko‘ra, holat yuzasidan sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlarini to‘la va xolisona olib borishni ta’minlash maqsadida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatidagi xususiy klinikada burun suyagini operatsiya qildirish uchun o‘z oyog‘i bilan borgan 32 yoshli prokuratura xodimi vafot etgandi.
Live
Barchasi