Samarqandda aka-uka qimorga berilgan ukasini o‘ldirdi

3-sahifa

image

Samarqand shahrida qimorga berilgan ukasini daraxtga bog‘lab, ayovsiz kaltaklagan va uning o‘limiga sabab bo‘lgan aka-ukaga hukm o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 2025 yilning 20 iyun kuni yuz bergan. 29 yoshli erkak internetda qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga muqqasidan ketgan. Tartibga solish maqsadida aka-uka uni daraxtga bog‘lab qo‘ygan. Shundan so‘ng elektr kabellari bilan bir necha marta urib, jismoniy zarba bergan. Oqibatda kaltaklangan uka uyga olib kirilgandan so‘ng vafot etgan.

“Bir qiz farzandimiz bor, birga kirganini ko‘rmadilar. O‘yin o‘ynardilar, lekin hech kimga yomonlik qilmasdilar. Kredit olib, o‘zlari to‘layotgandi. “Kreditini to‘lasin, deb shu ishni qildim”, dedi qayniakam. Lekin voqeadan 10-15 kun oldin erim kredit uchun qariyb 7 million to‘lagandi. Bir yil-u sakkiz oy yashadik. “Butka” yasab, payvandchilik qilardilar. Ularning orasida nima bo‘lganki, bu darajada bog‘lab qo‘yib, urishgan — tushunmayman”, deydi marhumning ayoli.

Voqea yuz berganida marhumning ota-onasi Rossiyada bo‘lgan. Ular sudda ham jabrlanuvchi, ham da’vogar sifatida qatnashgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi ayblanuvchilarga hukm e’lon qilgan.

Unga ko‘ra, marhumning akasiga Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) 2-qismi “a” bandi bilan 4 yil muddatga va 104-modda (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qism “d” bandi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 59-moddasi (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 2-qismi tartibida jinoyatlar majmui tariqasida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil jazo o‘tash uchun 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Akasining o‘limiga sababchi bo‘lgan ukaga esa 6 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahrida 3 aka-uka 17 yoshli o‘smirni kaltaklagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand aka-uka qimor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing