Samarqandda infratuzilmaga 1,2 trln so‘m ajratiladi
Jamiyat
−
16:04 1023 2 daqiqa
Samarqand viloyatida aholiga qulay infratuzilma yaratish maqsadida 1,2 trillion so‘m ajratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda bugun, 10 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan Samarqand viloyati hududlarini kompleks rivojlantirish, olis va chekka tumanlarda aholi turmush darajasini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilishda taklif bildirildi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda aholi yashashi uchun qulay infratuzilma yaratish eng asosiy vazifa ekani ta’kidlangan. Buning uchun ijtimoiy ob’ektlar qurish, yo‘l, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, elektr ta’minotini yaxshilash, servis va renovatsiya loyihalarini amalga oshirish, sanoat loyihalarini infratuzilma bilan ta’minlash maqsadida 1,2 trillion so‘m ajratish taklifi bildirilgan.
Samarqand shahrida renovatsiya dasturi asosida “Kimyogarlar” qo‘rg‘onini aholi uchun qulay qiyofaga keltirish bo‘yicha master-rejani bir oy muddatda tasdiqlash, Bulung‘ur tumanida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivi hududini kengaytirish, yil yakuniga qadar Samarqand shahrining “Temiryo‘l orti” hududidagi bo‘sh turgan yer va binolar o‘rnida sport, madaniyat, musiqa va san’at maskanlarini tashkil etish vazifasi qo‘yilgan.
Shuningdek, viloyat hokimligi huzurida ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish va ta’mirlash jamg‘armasini tashkil etish ma’qullangan. Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha iqtisod qilingan mablag‘lar ushbu jamg‘armaga yo‘naltirilishi belgilangan.
Yig‘ilishda mutasaddilarning axboroti tinglangan. Davlat rahbari Samarqand viloyatining har bir tumanida mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadini oshirish va hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutni qisqartirish bo‘yicha aniq topshiriqlar bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandning tarixiy markazidagi 13 ta ko‘chani piyodalar hududiga aylantirish, yangi turizm va servis obektlarini barpo etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi