Samarqandda qizchani bosib ketgan yuk mashinasi haydovchisi qamaldi

3-sahifa

image

Samarqand viloyatining Samarqand shahrida velosipedda harakatlanayotgan 14 yoshli qizni bosib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan yuk mashinasi haydovchisi 6 yilga qamaldi. Bu haqda “Zamon” xabar berdi.

Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 10 fevral kuni soat 14:15 atrofida Temiryo‘lchilar mahallasida sodir bo‘lgan. Voyaga yetmagan qiz ukasi bilan mahallaga velosiped uchishga chiqqan. U ichki yo‘lda ketayotganida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida to‘xtab turgan mashinaga urilgan va qatnov qismiga yiqilgan.

Oqibatda qiz shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan yuk mashinasi g‘ildiraklari ostida qolib, og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida halok bo‘lgan.

Sud davomida aniqlanishicha, 26 yoshli haydovchi muqaddam ham yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq jinoyat uchun javobgarlikka tortilgan.

Bundan tashqari, hodisa sodir bo‘lgan hududda yuk mashinalari harakati taqiqlanganiga qaramay, u mazkur yo‘ldan foydalangan. Sudda haydovchida transport vositasini to‘xtatib qolish uchun texnik imkoniyat mavjudligi to‘g‘risida xulosa e’lon qilingan.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan aybdor deb topilgan.

Unga 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish hamda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, sudlanuvchidan jabrlanuvchi tomon foydasiga 20 million so‘m moddiy va 120 million so‘m ma’naviy zarar undirilishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Baliqchi tumanida 9 yoshli bolani ZIL mashinasi urib ketgandi. Ushbu yo‘l-transport hodisasi oqibatida voyaga yetmagan piyoda H.M. olgan tan jarohatlari bilan shifoxonada ko‘rsatilgan tibbiy muolajalariga qaramasdan vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand yuk mashinasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing