Ta’til ro‘zg‘or dardidagi o‘zbekka orzuligicha qoladimi?

Tahlil

O‘zbekistonliklar, oila, bola-chaqa tashvishi, to‘y-hasham dardida yurgan, o‘g‘limni uylayman, qizimni uzataman yoki o‘qitib, yo‘lini topishiga ko‘maklashaman, juda bo‘lmaganda uy solib, vatanli bo‘laman deb ertayu kech terga botib mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar dam oladimi? Men yakshanbani nazarda tutayotganim yo‘q. Zotan allaqachon yakshanbani ham taqvimdan dam olish kuni ro‘yxatidan o‘chirib yuborganlar talaygina. Gap, o‘zbekistonliklarning yilda bir bo‘lsa ham sog‘lomlashtirish markazlari, sanatoriylar yoki tog‘-yon bag‘irlaridagi dacha, mehmonxonalarda standart bo‘yicha bir haftadan 10 kungacha yoki 2-3 kun oilasi bilan hordiq chiqarishi haqida bormoqda. 

O‘zbekistonliklar uchun dam olish tushunchasi u qadar ommalashmagan. Tan olaylik, bundan 5-6 yil avval odamlar faqat orzu-havas, to‘y-hasham uchun borini tikardi, salomatligini tiklash, yilda bir tanaga dam berish hech qachon asosiy rejalar qatorida bo‘lmagan. Faqat ayrim toifadagilar, to‘g‘rirog‘i dachasi borlar dam olish kunlarini oila davrasida dachada o‘tkazardi. Chet elga chiquvchilar ko‘pincha xorijdagi bozorlarni kezishni dam olish, deb tushunib kelgan. 

Davlat ishida ishlaydiganlar esa bir necha yilda bir keladigan navbati bilan Kasaba uyushmalaridan beriladigan yo‘llanmani kutib ko‘zi to‘rt bo‘lgani ham rost va kuta-kuta umri o‘tayotganlar hamon talaygina. Yo‘llanma kutayotganlar ko‘p, sanotoriylar soni esa cheklangan, ularga navbat bilan boradiganlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar ham haminqadar. Agar tijorat yo‘li bilan navbatsiz borsangiz, sanatoriyning to‘ri sizniki. 

Dengiz va okeanga mutlaqo yopiq, pirovardida hududining katta qismi cho‘llardan iborat O‘zbekiston aholisi ta’tilni o‘tkazish, hordiq chiqarish va sog‘lig‘ini tiklash uchun keng tanlovga ega emas. 

Mamlakatning eng bahavo joylari, tog‘ yon-bag‘irlari, chiroyli tabiat va shifobaxsh suvli manzillari allaqachon tijorat maqsadida qimmatbaho mehmonxona yoki mehmonxona tipidagi sanatoriylar, kurort va sog‘lomlashtirish maskanlariga aylantirilgani bois ro‘zg‘or dardida yurgan oddiy o‘zbekistonliklar xohlagan vaqtida, aytaylik, yilda bir marta bo‘lsa ham bunday joylarga borolmaydi. Ko‘zlarini tabiat chiroyidan bahra oldirib, toza havoga to‘yib, suv bo‘yida dam olish esa qo‘pol qilib aytganda, “beshenaya summa”ga aylanadi! Oydek ravshanki, bunga hammaning ham qurbi yetmaydi.

Aslida, diqqatga sazovor joylarning ko‘ngilochar markazlarga aylantirilishi, tashrif buyuruvchilarga har tomonlama xalqaro standartlarga mos ravishda xizmat ko‘rsatishga harakat qilinishi, bu orqali ichki turizmning rivojlanishi, qisqa qilib aytganda, bularning barchasi tizimlashtirilishi yaxshi, albatta. Ammo buning narxi qancha bo‘lishi kerak?

Hozirda O‘zbekistonda davlat tasarrufidagi va xususiy 600 ga yaqin sanatoriy, dam olish uylari, pansionatlar, oromgohlar faoliyat yuritayotgani va ularning soni ortib borayotgani aytiladi. Davlat ham sog‘lomlashtiruvchi turizm sohasini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Masalan, Prezidentning 2024 yil 23 sentyabrda imzolagan “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida  tibbiy turizm klasterlarini tashkil etish va mehmonxona-sanatoriyalarni yulduzli tizim bo‘yicha sertifikatlash nazarda tutilgan.

Hukumat bel bog‘lagan tibbiy turizm rivojlantirishida, albatta, sanatoriya kabi sog‘lomlashtirish muassasalarining ahamiyati beqiyos.

Davlat sanatoriyalari asosiy e’tiborini keksalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarga qaratadi, ishlaydigan fuqarolar uchun esa Kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidagi sanatoriyalar mavjud.

Ammo xohlasangiz, har ikki kategoriyaga kirmasdan turib ham sanatoriyalarda dam olishingiz, sog‘lig‘ingizni tiklashingiz mumkin. Faqat cho‘ntagingiz “tijorat maqsadida” nomi bilan burkangan bir necha barobar qimmat bo‘lgan to‘lovni ko‘tarsa, bas.

Narxlar, to‘lovlar haqida bejiz bot-bot gapirmayapmiz. Biz O‘zbekistondagi bir necha sanatoriyalarda dam olish qanchaga tushishi bilan qiziqdik. Xo‘sh, odamlarning haqiqatan ham O‘zbekistonning nari borsa 2 soatlik uzoqlikda joylashgan tog‘ yon-bag‘irlaridagi dam olish maskanlarida bir kun qolish to‘lovi chet eldagi 5 yulduzli mehmonxonalarnikidan bir necha barobar qimmatligi rostmi? Rost, albatta!

Masalan, sanatoriy deganda o‘zbekistonliklarning birinchi bo‘lib ko‘z oldiga keladigan “Zomin” sanatoriyasi. Bu yerda standart xonadagi 10 kunlik sog‘lomlashtirish hordig‘i bir kishi uchun 5 million 184 ming so‘mdan 6 million 240 ming so‘mgacha tushadi. Agar lyuks xonani tanlamoqchi bo‘lsangiz, bu raqamlar 6 million 837 mingdan 7 million 994 minggacha o‘zgaradi. Mabodo ikki kishi dam olishni rejalashtirsangiz, narxlarni tasavvur qilavering.

Mazkur maqolani tayyorlash jarayonida shu aniq bo‘ldiki, xonalarning asosiy qismi allaqachon band qilingan. Masalan, agar Kasaba uyushmasi yo‘llanmasiga ega bo‘lmasangiz, sentyabr oyining 15 sanasigacha “Zomin” sanatoriyasiga kela olmaysiz.

Ammo umidsizlikka tushmang. Chunki to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqsangiz, joy yo‘q degan javobni olishingiz mumkin, biroq tur firmalar orqali ushbu sog‘lomlashtirish markazidan istagan vaqtingizga joy band qilsangiz bo‘ladi. Xususiy tur firmalardan biri “Zomin” sanatoriyasidagi ikki kishilik standart xonalar uchun kuniga 1 million 495 ming so‘mdan 1 million 800 ming so‘mgacha narx belgilagan. Lyuks xonalar narxi esa 1 million 980 ming so‘mdan 2 million 310 ming so‘mgacha bo‘lgan summani tashkil etadi. Agar ikki kishilik shunday xonalardan birini o‘n kunga band qilmoqchi bo‘lsangiz, 23 million 100 ming so‘m to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tasarrufidagi sanatoriyadan firma orqali joy topsangiz, kamiga yana shuncha pulga...

Keyingi manzilimiz asosan ichki kasalliklarni davolashga ixtisoslashtirilgan Toshkent shahridagi “Chinobod” sanatoriyasi. U yerda qolish kishi boshiga kuniga 360 ming so‘mdan 875 ming so‘mgacha tushadi. Standart xonalar 360 ming so‘mdan, lyuks xonalar esa 800 ming so‘mdan boshlanadi. Agar sog‘lomlashtirish markazining eng yaxshi xonasida o‘n kun qolishni istasangiz, bu sizga 8 million 750 ming so‘mga tushadi.

Internetdagi ma’lumotlarga ko‘ra, agar mazkur sanatoriyaga tur firmalari orqali borsangiz, xona turi va o‘rniga qarab, narxlar kuniga 1 million 440 ming so‘mdan boshlanib, 2 million 880 ming so‘mgacha yetadi.

Toshkent shahrida joylashgan yana bir sanatoriya yurak-qon tomir a’zolari, asab tizimi, andrologik va ginekologik kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan “Turon”da qolish bir kishi uchun bir kunga 700 ming so‘mdan 859 ming so‘mgacha bo‘ladi. Mazkur narxlar lyuks xonalar uchun, standart xonalar esa faqatgina yo‘llanmaga ega mijozlar uchun berilishi mumkin. Yuqoridagi kabi ushbu sanatoriyda ham o‘n kun lyuks xonada qolish bir kishi uchun 8 milliondan ko‘proqqa tushadi.

“Turon” sanatoriyasiga ham tur firmalari orqali tashrif buyurish mumkin va shunday firmalarning biri markazdagi 12 kunlik dam olish uchun kishi boshiga xona statusiga qarab 7 million 480 ming so‘mdan 11 million 300 ming so‘mgacha bo‘lgan takliflarni e’lon qilgan.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan yurak-qon tomir va asab tizimi, nafas olish organlari va allergiya kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan “Sevarsoy” sanatoriyasida ikki kishilik standart xonalar 2 million 300 ming so‘mdan boshlanadi. Lyuks xonalar esa 4 million so‘mdan.

Kasaba uyushmalari tizimidagi mazkur sanatoriyaning eng yaxshi xonasida ikki kishi o‘n kun qolishni rejalashtirsangiz, cho‘ntagingizda kamida 40 million so‘m pul bo‘lishi kerak.

Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga qaraganda, xususiy tur firmalari taklif qilayotgan narxlar ham bundan ko‘p farq qilmagan holda bir necha yuz ming so‘m qimmatroq.

Yurak-qon tomir va asab tizimlari hamda oshqozon-ichak kasalliklarini davolashga ixtisoslashtirilgan Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Botanika” sanatoriyasida standart xonalar kishi boshiga bir kunga 445 ming so‘mdan 540 ming so‘mgacha tushadi. Lyuks xonalar esa 680 ming so‘mdan. Agar “Botanika” sanatoriyasi lyuks xonasida o‘n kun qolishni istasangiz, 6 million 800 ming so‘m to‘lashingiz kerak bo‘ladi.

Tur firmalar esa mazkur sog‘lomlashtirish maskanlari uchun ikki kishilik xonalarga 890 ming so‘mdan 1 million 360 ming so‘mgacha bo‘lgan takliflarni bermoqda.

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida joylashgan kardiologik, nevrologik, tayanch harakat, ginekologik, stomatologik va urologik kasalliklarni davolashga mo‘ljallangan “Xo‘jaipok” sanatoriyasida standart xonalari uchun bir kishi bir kunga 380 ming so‘mdan to‘laydi. Bundan tashqari, mazkur sog‘lomlashtirish markazida 480 ming so‘mlik xonalar ham mavjud bo‘lib, o‘n kun uchun band qilsangiz, 4 million 800 ming so‘m to‘lov qilishingiz kerak bo‘ladi.

Agar mazkur sanatoriyga tur firmalari orqali borsangiz, xona turi va o‘rniga qarab, narxlar kuniga 1 million 55 ming so‘mdan boshlanib, 2 million 110 ming so‘mgacha yetadi.

Biz shuningdek, bir qancha xususiy sog‘lomlashtirish markazlaridagi narxlar bilan ham tanishdik.

Masalan, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Tibet Mounts Flora” sanatoriyasida ikki kishilik standart xona bir kunga 1 million 680 ming so‘m. Agar bir kishilik standart xonada qolishni rejalashtirsangiz, 2 240 000 so‘m to‘laysiz. Ikki kishilik yarim lyuks xona narxi esa bir kecha uchun 3 580 000 ming so‘mni tashkil etadi. 2-3 kunlik yo‘llanmalar tibbiy tekshiruvlarni o‘z ichiga olmaydi, faqatgina 4 kunga joy bron qilish orqali kordiolog tekshiruvidan o‘tishingiz mumkin. 8 kunlik joy bron qilganingizdan keyin esa 10 % chegirma olish mumkin va bunda sizga bor-yo‘g‘i bitta a’zoyingizni ultratovush tekshiruvidan o‘tkazish imkoni taqdim etiladi. Taqdi etilayotgan xizmatlarning 10 kunlik narxini esa o‘zingiz hisoblayvering.

Tog‘ yon-bag‘rida yastanib yotgan bu sog‘lomlashtirish maskaniga har qanday o‘zbekistonlik ham bora olmasligi aniq. Masalan, o‘qituvchilar bora oladimi? Shifokorlar-chi? Holbuki, Antaliyaning plyajlariga ega dengiz bo‘yidagi mehmonxonalarida bir hafta dam olish chipta narxini am qo‘shganda shu pulga aylanyapti. Mayli, bunga birozdan keyin to‘xtalamiz. 

Bo‘stonliqda joylashgan mehmonxonalardan yana biri bo‘lgan “Archazor”da dam olish kunlari standart, yarim lyuks va lyuks xonalar 2,1 mln, 2,3 mln va 3,1 millionni tashkil etmoqda. Ushbu qiymat ichida esa faqat nonushta taqdim etiladi, xolos. Narxlar tibbiy ko‘riklar yoki boshqa sog‘lomlashtiruvchi xizmatlarni o‘z ichiga olmaydi, aytilganidek, bu sanatoriya emas, mehmonxona.

“Toshkent mineral suvlari” sanatoriyasida ikki kishilik standart xonalar narxi 2 million 500 ming so‘mdan, lyuks xonalar esa 3 million 200 ming so‘mdan boshlanadi. Agar super lyuks xona band qilmoqchi bo‘lsangiz, 4 million 300 ming so‘m to‘lashga tayyor turishingiz lozim. Shuningdek, ushbu sanatoriyada kottejlar ham mavjud bo‘lib, “regular” ya’ni oddiy tipdagi ikki kishilik kottejning bir kunlik to‘lov narxi 3 million 400 ming so‘m. Lyuks kottej narxlari bundan biroz qimmatroq bo‘lib, ikki kishiligi 4 million so‘m, to‘rt kishiligi esa 5 million so‘m.

Mazkur narxlar ichiga parhez taomlanish, tibbiy mutaxassislar bilan ishlash va fizioterapiya mashqlari kiradi. Qolaversa, maskanda saunalar, sport maydonlari, kutubxona, kosmetologiya kabi qo‘shimcha xizmatlar ham ko‘rsatiladi.

Navbatdagi manzil “Amirsoy” dam olish maskanini odatda “boylar boradigan joy” deb atashadi. Narxlar bilan tanishib chiqar ekansiz, bu iddaolarning bejiz emasligiga ishonchingiz komil bo‘ladi. Masalan, dam olish hududida joylashgan 4 yulduzli mehmonxonaning ikki kishilik eng oddiy xonalari kuniga 1 million 600 ming so‘mdan boshlanadi.

Alp tog‘lari etaklarida joylashgan yog‘och uy ko‘rinishidagi alohida turar joyni anglatuvchi shale (chalet)lar o‘zimiz bilgan “Amirsoy”da ham mavjud. Shunday shalelarning narxiga to‘xtaladigan bo‘lsak, to‘rt kishilik delyuks shale narxi kuniga 4 million 300 ming so‘mdan, premium delyuks esa 5 million 200 ming so‘mdan boshlanadi. Agar sakkiz kishilik shale band qilmoqchi bo‘lsangiz, kuniga 8 million 900 ming so‘mdan to‘lashingizga to‘g‘ri keladi. Ta’kidlab o‘tish kerakki, mazkur narxlar ichiga nonushta, televizor, kamin, terassa va mini bar kiradi, xolos.

Farg‘ona shahri yaqinida joylashgan tayanch-harakat va asab tizimi, qon aylanish a’zolari, ginekologik va urologik kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan “Koinot kavsari” sanatoriyasida standart xonalar bir kishi uchun kuniga 280 ming so‘mdan, lyuks xonalar esa 450 ming so‘mdan boshlanadi. Mazkur sog‘lomlashtirish markazida ehtiyojga qarab pulli xizmatlar ham ko‘rsatiladi.

Bizga qanchalik adolatsiz narxdek ko‘rinsa ham xususiy dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlari joylashuvi va ko‘rsatadigan xizmati kabi faktorlarga ko‘ra erkin narx belgilashlari mumkin, buni cheklaydigan qonun yo‘q. Ammo Kasaba uyushmalari tasarrufidagi ba’zi sanatoriyalar o‘zini-o‘zi moliyalashtiruvchi sub’ekt ekanini vaj qilgan holda narx belgilashda xususiy tadbirkorlardan ham qolishmayapti. Lekin ta’kidlash kerakki, ular davlatdan katta imtiyoz va yengilliklar qabul qiladi.

Ichki turizmni rivojlantirish haqida ko‘p gapiriladi, biroq bunday yuqori narxlar uncha-muncha odamni o‘ylantirib qo‘yadi.

Tur firmalaridan biri joylagan internetda mavjud e’longa ko‘ra, Turkiyada O‘rta Yer dengizi, turk o‘rmonlari bilan o‘ralgan qadimiy shahar Fathiya manzaralaridan bahramand qiluvchi, plyaj va sharsharalarga ega kurort narxi bir kishi uchun 11 kunlik narx o‘zbek so‘mida 19 million so‘mni tashkil etadi.

Plyajlar, suv parklari, zamonaviy golf maydonchalari, ot minish va professional fitnes qulayliklariga ega “Duja hotel Bodrum 5” mehmonxonasida ikki kishilik xonaning o‘n kunlik narxi 16 million so‘mdan boshlanadi.

Ushbu mehmonxona va kurortlar dengiz bo‘yi, tog‘ bag‘ri va betakror tabiat qo‘ynida joylashgan bo‘lsa-da, biz yuqorida sanagan mahalliy dam olish maskanlarimizdan arzonroq ham tushar, balki.

Aslida, dam olish maskanlari defitsiti bugun tug‘ilgan muammo emas. Ta’til va dam olish kunlari hordiq chiqarish mumkin bo‘lgan har qanday manzil uzundan-uzun turnaqator navbat va tartibsizlikka to‘lib ketadi. Ammo bunda odamlarni ayblash ham adolatsizdek. Chunki har qanday inson sog‘lig‘ini tiklash, stressni yengillashtirish va nafas rostlashga muhtoj. Aytishadi-ku, “yaxshi dam – mehnatga hamdam”.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Amirsoy Zomin Botanika Chinobod Sevarsoy Xo'jaipok Tibet Mounts Flora Archazor Koinot kavsari Duja hotel Bodrum 5

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing