Sanjar Karimovning advokatlari bloger “Gonzo”ni sudga kiritmaslik talabini qo‘ydi
3-sahifa
−
24 aprel 8542 2 daqiqa
Bugun, 24 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida tadbirkor, bloger “Real Sanjik” – Sanjar Karimovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tdi.
Sud avvalida, Karimovning advokatlari tomonidan “Gonzo” nomi bilan faoliyat yurituvchi bloger Geydar Aliyev Sanjar Karimovga oid sud jarayonlarini noxolis yoritgani, uni “mashka-moshennik” deb atagani hamda advokatlar katta pul evaziga uni himoya qilayotganini keng ommaga aytib, sudning xolis va ochiqligiga putur yetkazganini bong urgani keltirildi va e’tiroz bildirildi.
Shuningdek, sud tomonidan mazkur sud jarayonlari ommaviy axborot vositalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritilishiga qisman cheklov (videotasvirga olish taqiqlangan, biroq audio va suratga olish ruxsat berilgan) qo‘yilganiga qaramay, u sud jarayonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kadrlar olib, ushbu tasvirlarni o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylashtirgan. Karimovning himoyachilari mazkur dalillarni yig‘ma jild qilgan holda, sudga taqdim etib, blogerni sud majlisidan chiqarib yuborish to‘g‘risida iltimosnoma kiritdi.
Sud majlisida davlat ayblovchisi Navro‘zbek Saparov kechikkani sababli ishtirok etmagani tufayli, raislik qiluvchi sudya Bahrom Berdiyev ajrim qilish uchun qisqa tanaffus e’lon qildi.
Oradan biroz vaqt o‘tgach, Navro‘zbek Saparov majlisga yetib keldi va sud majlisi davom ettirildi. Sud ajrimiga ko‘ra, bloger “Gonzo” sud majlisidan chiqarib yuborildi. Shu bilan birga, boshqa ommaviy axborot vositalariga voqealarni haqqoniy yoritish tavsiya etildi.
QALAMPIR.UZ tez orada ushbu sud majlisidan batafsil videoreportajni taqdim etadi. Ko‘rsatuvni YouTube kanalimizda tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi