Senat diniy konsepsiyani ma’qulladi
Olam
−
20 fevral 7233 1 daqiqa
Oliy Majlis Senati “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. Senatorlar bugun, 20 fevral kuni Senatning to‘rtinchi yalpi majlisida bu qonunni ko‘rib chiqdi va ma’qulladi.
Bildirilishicha, senatorlar tomonidan ma’qullangan qonun va konsepsiya bilan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekanligiga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarishga hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilanmoqda.
Shuningdek, ushbu hujjat bilan belgilanayotgan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida parlament komissiyasi tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.
“Konsepsiyaning qabul qilinishi diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashga asoslangan munosabatlar modelini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslari takomillashishiga, jamiyatda totuvlik, ijtimoiy hamjihatlik va birdamlik muhiti mustahkamlanishiga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasining qabul qilinishi va sohada yagona davlat siyosatining amalga oshirilishi fuqarolarning teng huquqliligini kafolatlaydi, mamlakat xalqi totuvligini ta’minlashga xizmat qilishini aytgandi.
Live
Barchasi