Serjio Gor AQSH-O‘zbekiston kengashiga rahbarlik qiladi

Jamiyat

image

AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor yangi tashkil etilgan AQSH-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining hamraisi bo‘lib faoliyat yuritadi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlarning Toshkentdagi elchixonasi xabar berdi.

Unda aytilishicha, bu Markaziy Osiyoda “Amerika birinchi” iqtisodiy dasturini ilgari surish hamda amerikalik ishchilar, innovatorlar va biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir. Elchi Gor O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bilan birgalikda ushbu kengashda AQSH ishtirokini boshqarib boradi.

“Uning faoliyati Prezident Trampning Amerikaning iqtisodiy yetakchiligini mustahkamlash, AQSH kompaniyalari uchun imkoniyatlarni kengaytirish va xorijdagi hamkorlik Amerika xalqiga haqiqiy foyda keltirishini ta’minlashga bo‘lgan intilishini aks ettiradi”, deyiladi elchixona xabarida.

Qayd etilishicha, kengash AQSH va O‘zbekistonning investitsiya va eksport imkoniyatlarini kengaytirish, AQSH texnologiyalari va iste’dodlari uchun yuqori rivojlanayotgan sohalarni, ayniqsa IT va raqamli innovatsiyalarni yo‘lga qo‘yish va AQSH eksportchilari uchun teng raqobat muhitini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi.

“Prezident Mirziyoyevning 4-6 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan “S5+1” sammiti doirasida Vashingtonga tashrifi AQSH-O‘zbekiston o‘zaro munosabatlarida kuchli dinamikani namoyish etdi. Yangi ishbilarmonlik va investitsiya kengashi ushbu muvaffaqiyatni mustahkamlagan holda, strategik iqtisodiy hamkorlik orqali Amerikaning yanada kuchli, xavfsiz va farovon o‘sishini ta’minlashga yordam beradi”, deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Serjio Gor joriy yilning 25 oktyabr kuni AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau bilan O‘zbekistonga kelgandi. 26 oktyabr kuni esa ular O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati bilan tanishgan. Elchixona e’lon qilgan rasmlardan AQSH rasmiylari Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va “Chorsu” bozoriga borganini ko‘rish mumkin. Ularga O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik hamrohlik qilgan.

27 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Serjio Gor bilan uchrashdi. Mirziyoyevaning yozishicha, AQSH ma’muriyatining yuqori martabali vakillari O‘zbekistonda keyingi 8 yil davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning shiddati va jadal sur’atini qayd etgan.

Shundan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev maxsus vakil Serjio Gor boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuv so‘nggida Gor O‘zbekiston yetakchisiga Tramp nomidan yuborilgan bir qator sovg‘alarni topshirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Serjio Gor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing