Sevgisi rad etilgan yigit mashina o‘g‘irladi

3-sahifa

image

Toshkent shahrida sevgan qizi sovchilarga rad javobini bergani uchun alamidan mashina olib qochgan yigit 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Toshkent shahar Bektemir tumani Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Shohruh Bozorovning ish yurituvi asosida poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

“Sevgan qizimga sovchi yuborsam, sovchilarga rad javobini berishibdi. Bundan rosa jahlim chiqdi. O‘qisam, ishlasam, ichmasam, chekmasam, aqli-hushim joyida bo‘lsa... Mendeklarni kunduzi chiroq yoqib topib bo‘lmaydi-ku, bularning nozu firog‘iga o‘lamanmi?! Bir sirasi borib rosa to‘polon qilgim keldi-yu, ammo zo‘rg‘a o‘zimni bosdim. Biroz jahlimdan tushish uchun ko‘chaga chiqib ketdim. Aylanib yursam, bank oldida turgan Lacetti avtomashinasiga ko‘zim tushdi. Qarasam, eshiklari ochiq. Kaliti o‘t oldirgichda. Xayolimga bir minib ko‘chasidan o‘tib, o‘zimni ko‘rsatib, hammasini hayron qoldirgim keldi”, deb ko‘rsatma bergan tergov jarayonida yigit.

Qayd etilishicha, 2024 yilning 23 aprel kuni soat 15:00 larga yaqin R.M. A.A.ga tegishli bo‘lgan Lacetti avtomashinasini olib qochib, o‘zi yozganidek, “o‘zini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lib” qizning uyi tomon haydab ketayotganida, svetoforga to‘xtaganda o‘ylanib qolgan. Qilgan qilmishidan pushaymon bo‘lib, avtomashinani shu yerda yo‘l chetiga qoldirib ketgan. Biroq darhol ichki ishlar organlariga xabar bermagan. U tonggi soat 06:30 larda 102 ga qo‘ng‘iroq qilgan. Lacetti egasi bu vaqtda mashinasi olib qochilganidan bexabar bo‘lgan. Avtomashina beshikast, beziyon egasiga qaytarilgan. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudida 1995 yilda tug‘ilgan R.M.ning ishi qonunan ko‘rib chiqilgan. U Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan aybli deb topilgan. Uning aybiga to‘liq iqrorligi, pushaymonligi, avtomashinani beshikast egasiga yetkazgani inobatga olinib, unga nisbatan 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatida Cobalt mashinasini olib qochgan 2 nafar yigit ularni Ichki ishlar idorasiga olib ketayotgan xodimni ham pichoqlagandi. Ulardan biriga 9 yilu 6 oy muddatga, biriga esa 15 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Bektemir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing