O‘zbekiston va G‘arb orasi endi bir qadam. AQSHdan so‘ng Yevropadagi triumf

Tahlil

2005 yildan 2016 yilga qadar bo‘lgan 10 yillikda o‘z qobig‘iga o‘ralgan, tashqi dunyodan ancha uzilgan va ko‘plab siyosiy doiralar tomonidan unchalik xushlanmay kelgan O‘zbekiston 2025 yilning 24 oktyabrini o‘zi va dunyo hamjamiyati uchun tarixga qadab qo‘ydi. O‘zbekiston rasman jahon sahnasida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va hokazo yana o‘nlab sohalardagi o‘rnini mustahkamladi. O‘zbekiston qaytdi. 

Albatta, rasmiy Toshkent ancha yillar oldin dunyoga ochilish, bozor iqtisodiyotiga jadal o‘tish, ba’zi demokratik islohotlarni amalga oshirish va shu orqali jahon sahnasiga qaytishni boshlagandi. Ammo joriy yilning 24 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga qilgan tarixiy tashrifida imzolangan tarixiy hujjat bu qaytishni va katta yutuqni rasmiylashtirdi. 2019 yildan boshlangan harakatlar 6 yil deganda o‘z yakuniga yetib, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida "Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik" bitimi imzolandi. 

Bu shunchaki oddiy bitim emas. Bu hujjat YeI bilan juda ko‘plab sohalarda yaqindan munosabat o‘rnatish, doimiy siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, iqtisodiy, savdo, investitsiya, energetika, xavfsizlik, inson huquqlari, huquq ustuvorligi va ta’lim sohalarida hamkorlikni tubdan kengaytiradi. Bugun shu tarixiy bitim va bungacha olib borilgan sa’y-harakatlar, ungacha erishilgan yutuqlar haqida batafsil yuritiladi. 

Dastlab AQSH, endi Yevropa – seriyali g‘alabalar silsilasi

So‘nggi bir oy ichida O‘zbekiston siyosiy maydonda ketma-ket yirik yurishlarni amalga oshirdi. AQSH bilan imzolangan 105 milliard dollarlik savdo bitimi pulga haddan ziyod o‘ch bo‘lgan, faqat iqtisodiy raqamlar bilan hisoblashadigan Trampning e’tiborini jalb qildi. AQSH Prezidenti O‘zbekistonni xalqaro maydondagi vaznini his qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, 23 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Yevropa Ittifoqining yuragi bo‘lgan Bryussel shahriga jo‘nab ketdi. Unga rafiqasi birinchi xonim Ziroatxon Mirziyoyeva hamrohlik qildi. Bryusseldagi xalqaro ayeroportda davlat rahbarini Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. 24 oktyabr esa O‘zbekiston uchun katta tarixiy ahamiyatga ega hujjat imzolandi. Bryussel shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Bitimni O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, Yevropa Ittifoqidan esa Yevrokomissiya vitse-prezidenti Kaya Kallas imzoladi. 

Bu 1996 yilgi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning yangi avlod versiyasi hisoblanadi. Endi esa o‘sha eski hujjatga asoslangan holda, yuritib kelingan O‘zbekiston – Yevropa hamkorligining huquqiy bazasini yangilaydi hamda sezilarli darajada kengaytiradi. Yangi imkoniyatlar taqdim etiladi. Bu bitim loyihasi bo‘yicha muzokaralar 2019 yil fevral oyida boshlanib, 2022 yil iyul oyida yakunlangandi. 2022 yil 6 iyul kuni u Bryussel shahrida parafirlangan. Ya’ni bunday muhim shartnomalarni imzolash ikki bosqichdan iborat bo‘ladi. Birinchi bosqichda tomonlar kelishuvga erishishgani va uni rasman qabul qilishga tayyor ekaniga ishora qiluvchi imzoni chekishadi. Bu jarayon esa parafirlash deb nomalanadi. Shunday ekan, 3 yil oldin allaqachon "biz rasman imzo chekishga tayyormiz" deya kelishib olingan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga endi rasman asosiy imzolar qo‘yildi. Endi esa navbat ratifikatsiyaga yetib keldi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston YeI bilan naqd 30 ga yaqin sohada chuqur va izchil hamkorlikka start beradi.

Bitim 9 ta bo‘lim, 356 ta modda va 14 ta ilovadan iborat. U ikki tomonlama munosabatlarning deyarli barcha sohalarini qamrab oladi hamda siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo va investitsiyalar, barqaror rivojlanish, fan va ta’lim, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishiga alohida e’tibor qaratgan holda, barcha o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish uchun keng qamrovli huquqiy asosni shakllantiradi. Bitimning imzolanishi O‘zbekiston va YeI munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berdi va tomonlar o‘rtasidagi aloqalar rasman strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Oldin ham ular deyarli strategik sherik edi

O‘zbekiston so‘nggi yillardagi o‘zining faol diplomatiyasi va ochiq iqtisodiy siyosati bilan Yevropa Ittifoqi uchun o‘ta muhim sherikka aylandi. Yevropa "mintaqa darvozasi" maqomiga ega bo‘lgan O‘zbekistonni "Markaziy Osiyoning yuragi" sifatida ham ko‘ra boshladi. Joriy yil aprel oyida Samarqandda o‘tgan birinchi Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti mazkur yaqin aloqalar mustahkamlandi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa Ittifoqi Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen va Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta birgalikda qatnashib, 12 milliard yevrolik "Global Gateway" investitsiya dasturini e’lon qildi. Bu nafaqat iqtisodiy bitim, balki Yevropa va Markaziy Osiyoning o‘zaro ishonch va manfaatlarga asoslangan yangi strategik aloqalar davrini boshlab berdi.

Umuman olganda, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida so‘nggi yillarda savdo va investitsiya aloqalari sezilarli darajada faollashdi. 2017–2024 yillarda O‘zbekistonning YeI bilan tovar ayirboshlash hajmi deyarli 2 yarim baravarga oshib, salkam 6 yarim milliard dollarga yetdi. 9 yil oldin bu raqamlar arang 3 milliardni tashkil etardi. Mazkur tovar ayirboshlash hajmi ichida O‘zbekistonning eksport ulushi 1,7 mlrd dollarga, importi esa taxminan 4,7 mlrd dollarga yetdi. Import, asosan, Germaniya, Fransiya va boshqa YeI mamlakatlaridan amalga oshirilgan bo‘lib, ulardan turli texnika, jihozlar hamda dorivor va boshqa kimyoviy mahsulotlar olib kelingan.  2024 yilda O‘zbekistonning YeI davlatlaridan olgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari va kreditlari hajmi 4,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu esa bir yil ichida mazkur ko‘rsatkich 77% ga o‘sganini bildiradi. Hozirda O‘zbekistonda 1000 dan ortiq Yevropa kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatib, umumiy investitsiya loyihalari esa rasmiy manbalarda 30-40 mlrd yevro atrofida ekani aytiladi.

Bundan tashqari, 2021 yilda YeI tomonidan O‘zbekiston GSP + pereferensiya tizimiga qabul qilingani tufayli 6200 dan ziyod tovar turi bo‘yicha bojxona imtiyozlarini qo‘lga kiritdi. Ma’lumot uchun, GSP + preferensiya tizimi bu – Yevropa Ittifoqining savdo imtiyozlari dasturi bo‘lib, rivojlanayotgan davlatlarga YeI bozoriga tovarlarni bojxona to‘lovlarisiz yoki imtiyozli sharoitlarda eksport qilish imkonini beradi. O‘sha imkoniyatdan foydalanish natijasida O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqiga eksport qiladigan mahsulotlar hajmi ancha oshdi. Shu tariqa, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar jadal o‘sib, yuqorida qayd etilgan 2 xonali foizlardagi o‘sish va milliardlab dollar tovar ayirboshlash darajasiga yetib kelindi.

Ammo bu hammasi emas. Yevropa Ittifoqi tashqi investitsiya dasturi – "Global Gateway" – O‘zbekistonda ham bir qator loyihalarni moliyalashtirmoqda. 2021–2027 yillardagi hamkorlik doirasida Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston uchun umumiy 119 million yevro grant mablag‘i ajratgan. Bu moliyaviy dasturi bo‘lib, unda belgilangan maqsadlar 2021–2027 yillar oralig‘ida amalga oshiriladi. Transport sohasida ham "Global Gateway" investitsiyalari muhim rol o‘ynaydi. Samarqandda o‘tgan Yevropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo sammitida transport va logistika infratuzilmasi uchun 10 milliard yevrolik xalqaro investitsiya paketi yo‘naltirilishi ma’lum qilingandi. Bu mablag‘larning asosiy qismi Xitoyning Sian shaxridan boshlanib Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Kaspiy, Ozarbayjon Gruziya, Turkiya, Qora dengiz orqali Yevropaga kirib boradigan Transkaspiy yo‘lagini yaxshilashga ketadi. Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa mintaqa davlatlari bilan birgalikda Transkaspiy transport yo‘li va dengiz tashuvlarini mustahkamlash ustida ishlamoqda.

Kengaytirilgan hamkorlik O‘zbekistonga nima beradi?

Yevropa Ittifoqining Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimi Ittifoqqa a’zo bo‘lmagan davlatlar bilan tuziladigan yangi avlod hamkorlik hujjati hisoblanadi. O‘zbekiston o‘sha eski versiyani 1996 yilda imzonlangandi. Endi esa uning zamonaviy va kengaytirilgan shaklini kelishishga erishdi. Bugungi kungacha bu hujjatni 2020 yilda Qozog‘iston, 2024 yilda Qirg‘iziston YeI bilan imzolab bo‘lgandi. Joriy yilda esa uzoq yillik olib borilgan muzokaralardan so‘ng, nihoyat O‘zbekiston ham  rasman Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimiga qo‘shildi. Ayni damda Qirg‘izistonda ratifakatsiya jarayoni davom etmoqda, O‘zbekistonda esa bu endi boshlanadi. Mazkur hujjat ratifikatsiya qilingach, tomonlar uchun majburiy huquqiy kuchga ega bo‘ladi. Masalan, unda belgilangan majburiyatlar deylik, erkin savdoga yo‘l ochish, milliy qonunchilikni ushbu hujjatga moslashtirish va inson huquqlarini himoya qilish kabi talablar bajarilishi kerak. Bir so‘z bilan aytganda YeI bilan juda yaqin hamkorlik siyosati aynan shu bitim asosida yuritiladi. 

Qozog‘iston va O‘zbekistonda bu hujjatdan ko‘zlangan maqsad va manfaatlar turlicha. Qozog‘iston kengaytirilgan sherikli va hamkorlik modelidan YeI bilan energetika va transport sohasida kuchli aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun foydalanadi. O‘zbekiston esa ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar, savdo va raqamli transformatsiya yo‘nalishiga asoslangan jarayonni jadallashtirishni maqsad qilgani aytiladi.

Ammo Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar, xususan, Tojikiston mazkur hujjatni imzolash ishlarini hali yakunlamadi. Turkmaniston bo‘lsa, o‘tgan asrdagi sheriklik va hamkorlik shartnomasida qolib ketgan. Shunday qilib, O‘zbekiston va YeI o‘rtasida 24 oktyabr kuni imzolangan hujjat tomonlar o‘rtasidagi aloqalarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqdi. Yevropa va Toshkent o‘rtasida o‘tmishda uzoqlashib ketgan masofani qisqartirdi. Yevropa va O‘zbekiston siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiyot, xavfsizlik, barqaror rivojlanish va turli sektorlar bo‘yicha hamkorlik kabi asosiy yo‘nalishlarda birga ishlaydigan bo‘ldi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, EPCA "Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarning tarixiy bosqichi" bo‘lib, mamlakat erishgan katta siyosiy, iqtisodiy va institutsional o‘zgarishlarni aks ettiradi. Bitimning qabul qilinishi bilan ikki tomon o‘zaro ishonch asosida kengaytirilgan savdo rejimini joriy qilishi kutilmoqda, sarmoyalar va bozorlar bilan integrayiya mustahkamlanadi. Yevropa ishbilarmonlari Markaziy Osiyoda o‘sib borayotgan bozor bilan bog‘lanish imkoniga ega bo‘ldi. Masalan, endilikda bu bitim O‘zbekistonga YeI bozoriga kirishning yangi imtiyozlari va avval mavjud bo‘lgan GSP+ rejimi asosida mavjud sheriklikni yanada qo‘llab-quvvatlash bilan mahsulotlar eksportiga qulaylik yaratadi. Umuman olganda,  EPCA imzolanishi o‘zaro munosabatlarni tubdan kengaytirib, siyosiy va iqtisodiy ko‘prikni mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Viza va biznes haqida nima gaplar?

24 oktyabr kuni Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimini imzolash marosimi alohida voqelik bo‘ldi. Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa Kommisciyasi rahbari Ursula Fon der Lyayen va Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta bilan ham alohida uchrashuv o‘tkazdi. Unda joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida o‘tgan "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko‘p qirrali O‘zbekiston – Yevropa hamkorligini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgani aytildi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Yevropa Ittifoqi bilan viza tartiblarini soddalashtirish masalasini muhokama qildi. Bu esa ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni mustahkamlash doirasini qamrab olishi ma’lum qilindi. Xo‘sh, ishbilarmonlik tushunarli, ammo gumanitar maqsadlardagi viza tartibi nima degani? Ma’lumot uchun, tomonlar o‘rtasida fuqarolarning o‘z qarindoshlarini, yaqinlarni ko‘rish uchun safarlar, talabalar, olimlar, madaniyat vakillarining almashinuvi, insonparvarlik yordami paytidagi ko‘mak, madaniy, sport, diniy tadbirlarda ishtirok etish uchun imkoniyatlarni kengaytirishni o‘z ichiga oladi. Ammo bu yerda hozircha mehnat bozori haqida gap ketmayapti. 

Shuningdek, Yevropaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvda energetika, kimyo, muhim minerallar, logistika, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida umumiy qiymati 10 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi. Bu Yevropa kompaniyalari ishtirokidagi umumiy qiymati 40 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan hozirgi loyihalar portfeliga salmoqli qo‘shimcha bo‘lib, uning qiymatini endi 50 milliardgacha oshirdi. Shu tariqa, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston bugun o‘z tarixidagi eng yuqori darajaga chiqqan hamkorlikka start berdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh TIV Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Evropa Ittifoqi Viza Baxtiyor Saidov Markaziy Osiyo EI biznes Bryussel Antoniu Koshta Sheriklik Ursula Fon der Lyaen

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing