Shahnoza Mirziyoyeva Jahon suv sporti federatsiyasi Byurosi tarkibiga qo‘shildi
Sport
−
29 iyul 7170 2 daqiqa
Bugun, 29 iyul kuni Singapurda Jahon suv sporti federatsiyasi (World Aquatics) Kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva federatsiya Ijroiya qo‘mitasi Byurosining a’zosi sifatida saylandi. Bu haqda federatsiya rasmiy saytida e’lon qilindi.
Shahnoza Mirziyoyevaning o‘zi ham bu haqda Instagram’dagi sahifasida yangilikni e’lon qilib, ushbu taklifni qabul qilganini bildirdi.
“Menga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildiraman va faxr bilan World Aquatics Byurosi tarkibiga kirish taklifini qabul qilaman! Men uchun ushbu tashkilotning bir qismi bo‘lish va O‘zbekiston manfaatlarini global darajada ilgari surish katta mas’uliyatdir. Bu e’tirof faqat shaxsan menga emas, balki sportni har qanday sharoit va imkoniyatlardan qat’i nazar hamma uchun ochiq qilish yo‘lida mehnat qilayotgan jamoamizning ham yutug‘idir”, deb yozdi u.
Shuningdek, Mirziyoyeva Byuro faoliyatida ishtirok etishi suv sport turlarini rivojlantirishga e’tiborni oshirishga xizmat qilishini aytib, World Aquatics tarkibidagi barcha sport turlari yanada ommabop bo‘lishi, shuningdek, o‘zbek sportchilari nomlari jahon arenalarida yanada balandroq yangrashi uchun barcha kuch-g‘ayratini berishga tayyor ekanini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Shahnoza Mirziyoyeva 2024 yilning 13 avgustida Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylangandi.
Live
Barchasi