Shavkat Mirziyoyev BMT Turizm bosh kotibini qabul qildi
Jamiyat
−
01 aprel 1104 2 daqiqa
Bugun, 1 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda tashrif bilan bo‘lib turgan BMT Turizm bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novaysni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston va BMTning ushbu ixtisoslashgan muassasasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali va uzoq muddatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Tashkilot rahbari O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholagan. Sayyohlik infratuzilmasini modernizatsiya qilish va xizmatlarni diversifikatsiya qilish bo‘yicha izchil choralar amalga oshirilmoqda. Aviaqatnovlar geografiyasi kengaymoqda, yangi muzeylar tashkil etilmoqda, yirik madaniy tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda.
So‘nggi 8 yilda O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni 6 barobar ko‘payib, qariyb 12 million nafarga yetgani alohida qayd etildi. 2030 yilga qadar ularning sonini 20 millionga, turizmning mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi ulushini esa 7 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston va BMT Turizm o‘rtasidagi hamkorlik jadal sur’atda rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan ta’kidlangan. 2023 yilda Samarqand shahrida Tashkilot Bosh Assambleyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan, Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etildi, yaqinda esa “Ipak yo‘lida turizm” mavzusidagi ofisning ochilishi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2027 yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasi qabul qilingan.
Suhbat chog‘ida tomonlar sheriklikni yanada rivojlantirish, jumladan, sayyohlik sohasida xalqaro huquqiy bazani takomillashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ekspertlik va texnik hamkorlikni kengaytirish, turizm sohasi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash niyatida ekanini qat’iy tasdiqlagan.