Shavkat Mirziyoyev Buxorodagi yangi aeroport loyihasi bilan tanishdi
Jamiyat
−
10 aprel 5576 2 daqiqa
Bugun, 10 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroga safari chog‘ida shaharning yangi aeroportini barpo etish loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatda transport infratuzilmasi izchil rivojlantirilmoqda. Yangi yo‘l va ko‘priklar qurilib, yo‘lovchilarga qulayliklar oshirilmoqda. Qayd etish kerakki, davlat rahbari 2024 yilda Buxoro viloyatiga tashrifi davomida hududning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida Buxoroning yangi xalqaro aeroportini barpo etish bo‘yicha muhim topshiriq bergan.
Ushbu transport inshooti hamda unga tutash infratuzilmani barpo etish uchun shahar tashqarisidan jami 370 gektar yer maydoni ajratilgan. Loyiha doirasida aeroportga olib boruvchi avtomobil yo‘li ham qurilmoqda. Uning umumiy uzunligi 23,8 kilometrni tashkil etib, shundan 2,7 kilometri mutlaqo yangi yo‘l, 21,1 kilometri esa rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, yo‘l bo‘yida 2 ta yo‘l o‘tkazgich, 9 ta yer osti piyodalar o‘tish joyi va 8 ta ko‘prik barpo etilishi nazarda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, yangi aeroportda uzunligi 3,3 kilometr bo‘lgan, barcha turdagi havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega uchish-qo‘nish yo‘lagi, shuningdek, soatiga 1200 nafar yo‘lovchiga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega aerovokzal majmuasi quriladi.
“Biz Buxoro viloyati aholisi, shuningdek, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy va qulay xizmat ko‘rsatadigan aeroport barpo etishni maqsad qilganmiz. Shunday ekan, ushbu aeroport jahon standartlari talablariga to‘liq mos bo‘lishi shart”, deydi Prezident.
Davlat rahbariga Buxoro viloyatining iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan boshqa qurilish loyihalari haqida ham axborot berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahriga tashrifi davomida Buxoro viloyatining yangi ma’muriy markazida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishgandi.
Ertaga, 11 aprel kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Tashrif doirasida Buxoroda oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston – Qozog‘iston do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Live
Barchasi