Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyevni tabrikladi
Jamiyat
−
24 dekabr 1046 2 daqiqa
Bugun, 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevga telefon qilib, uni tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
O‘zbekiston rahbari Ozarbayjon yetakchisining mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, uni birlashtirish, barqaror taraqqiyotini ta’minlash va xalqaro nufuzini oshirishdagi tarixiy rolini alohida qayd etdi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Ozarbayjon do‘stlik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Joriy Iqtisodiy kooperatsiya yilida birgalikda amalga oshirilgan ishlar unumli bo‘lgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Barcha darajada samarali muloqotlar va almashinuvlar davom etmoqda. O‘zaro tovar ayirboshlash jadal sur’atlarda o‘sib bormoqda, “yo‘l xaritasi” asosidagi 20 ta ustuvor yo‘nalishdagi loyihalar faol pallaga kirgan.
Qayd etilishicha, tadbirlarga boy madaniy-gumanitar almashinuvlar dasturi amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlari xalqaro kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashdi, kelgusidagi tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdi.
Ma’lumot uchun, Ozarbayjonning 4-prezidenti Ilhom Aliyev 1961 yilda poytaxt Bakuda tug‘ilgan. U 2003 yildan buyon 22 yil davomida prezidentlik kursisini egallab kelmoqda. Ilhom Aliyev 2003, 2008, 2013, 2018 va 2024 yillarda o‘tkazilgan prezident saylovlarida g‘alaba qozongan. Ungacha – 1993-2003 yillarda mamlakatni Ilhom Aliyevning otasi Haydar Aliyev boshqargan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Shavkat Mirziyoyev 64 yoshga to‘layotgan Ilhom Aliyevga tabrik maktubini yo‘llagandi. Bugun, 24 dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevni tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, telegramma jo‘natdi.
Live
Barchasi