Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishida qatnashdi
Jamiyat
−
17 mart 6955 11 daqiqa
Bugun, 17 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birgalikda ulug‘ ayyomlar – muborak Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami oldidan rasman o‘z eshiklarini ochgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 19 sentyabrda BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilayotgani haqida to‘xtalib, muqaddas islom dini ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga, ilm-ma’rifat yo‘liga da’vat etishini, uni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlar bilan murosa qilib bo‘lmasligini alohida ta’kidlagan.

Ana shu yuksak g‘oya va maqsadlar asosida bunyod etilgan mazkur markaz O‘zbekiston xalqining uch ming yillik tarixi, bunyodkorlik salohiyati, jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasi, buyuk ajdodlarning madaniy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish va keng ommalashtirishga xizmat qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘zining mahobati, maydoni va qamroviga ko‘ra, dunyoda islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini o‘rganish hamda targ‘ib etishga qaratilgan yirik majmualardan biri hisoblanadi.

U Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etilgan. Bino uch qavatdan iborat bo‘lib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi. Gumbazining balandligi 65 metr, umumiy foydalanish hududi esa 42 ming kvadrat metrdan ziyod. Bu kabi noyob ko‘rsatkichlar uni “Ginnessning rekordlar kitobi”ga kiritish uchun ham asos bo‘lmoqda.

Markaz binosi Prezident Shavkat Mirziyoyevning me’moriy g‘oya va takliflari asosida loyihalashtirilgan. Bunyod etish jarayonida davlat rahbari ushbu majmuaga bir necha bor tashrif buyurib, uning mazmunan va shaklan yanada mukammal bo‘lishi yuzasidan qimmatli tavsiya va maslahatlarini ulashgan. Xususan, 2025 yilning o‘zida Prezident markazga bir necha marta borib, ekspozitsiyalar, infratuzilma, ma’rifiy va ilmiy yo‘nalishlarni takomillashtirish bo‘yicha muhim ko‘rsatmalar bergan.

Markaz qadimiy va milliy me’morchilik an’analari asosida qurilgan bo‘lib, unga to‘rt tomondan – to‘rt asosiy portal orqali kirish mumkin. Ushbu portallar va binoning tashqi ravoqlari ilm-ma’rifat, bag‘rikenglik, insoniylik va ota-onaga hurmat mazmunidagi Qur’on oyatlari hamda hadislar bilan bezatilgan.

Quyi qavatda bolalar uchun maxsus platforma, restavratsiya hamda elektron nusxa olish laboratoriyasi, muzey eksponatlari va nodir qo‘lyozmalarni saqlash fondlari, zamonaviy kafeteriy va muzey vestibyullari joylashgan.
Birinchi qavatdan qariyb 8 ming 350 kvadrat metrlik ko‘rgazma zaliga ega muzey va 550 o‘rinli anjumanlar zali o‘rin olgan. Ikkinchi qavatda esa qo‘lyozma va toshbosma manbalar, bosma va elektron adabiyotlar fondiga ega kutubxona, o‘quv zallari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar uchun sharoit yaratilgan.
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev ana shunday ulkan ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga ega majmuaga yana bir bor tashrif buyurib, yaratilgan sharoitlar, boy ekspozitsiyalar va yangi tashabbuslar bilan tanishgan.
Dastlab davlat rahbari Qur’oni karim zaliga kirib, mazkur maskanda yaratilgan ma’naviy muhit va noyob ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirdi. Ushbu zal, ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ma’naviy qalbi hisoblanadi.

Gumbaz ostida maxsus mepping gologrammasi yaratilgan bo‘lib, unda avval koinot tasviri namoyon bo‘ladi, osmondagi yulduzlar jilolanadi. E’tiborlisi, gumbaz ostidagi yulduzlar kompozitsiyasi Toshkent osmonida tunda ko‘rinadigan yulduzlar xaritasi asosida shakllantirilgan. Ularni ifoda etish uchun 90 dona “svarovskiy” toshi va 650 dan ortiq chiroqlardan foydalanilgani mazkur zalga alohida ulug‘vorlik bag‘ishlagan.
Bu yerda Usmon Mushafi bilan bir qatorda O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan, turli sulolalar davrida yaratilgan 114 ta nodir Qur’on qo‘lyozmasi jamlangan. Ular orasida somoniylar, qoraxoniylar, g‘aznaviylar, temuriylar, shayboniylar va boshqa davrlarga mansub noyob nusxalar bor. Bu qo‘lyozmalar Sharq kitobat san’atining yuksak namunalari sifatida nafaqat diniy, balki ulkan tarixiy, ilmiy va badiiy qimmatga ham ega. Zaldagi zamonaviy vitrinalarda xalq orasida asrab-avaylab saqlanib kelingan va markaz fondiga taqdim etilgan asl qo‘lyozmalar ham munosib o‘rin olgan.

Qayd etilishicha, markaz tamal toshi qo‘yilganidan 2025 yilga qadar uning fondidagi qadimiy manbalar soni 2 mingdan oshgan, nodir Qur’on qo‘lyozmalari esa 60 tadan ziyodga yetgan. Ularning barchasi xalqdan jamlangan va xalqaro auksionlar orqali xarid qilingan. Bu borada amalga oshirilgan ishlar milliy va diniy merosni qayta tiklash, tarqoq holda saqlanayotgan bebaho manbalarni vatanga qaytarish, ularni ilmiy muomalaga kiritish va kelajak avlod uchun asrab qolish yo‘lidagi teran yondashuvni yaqqol namoyon etmoqda.
Prezidentga ekspozitsiyadan o‘rin olgan ayrim alohida qimmatli qo‘lyozmalar haqida ham ma’lumot berilgan. Jumladan, 1589 yilda xattot Sulton Muhammad tomonidan sakkiz burchak shaklida ko‘chirilgan va tumor sifatida ham ishlatilgan “Bozuband” Qur’on qo‘lyozmasi, XVII asrga mansub, safaviylar davri xattotlik va kitobat san’atining yetuk bosqichini aks ettiruvchi juda nafis bezakli nusxa, 1872 yilda xattot Muhammad ibn Abd al-Hadi tomonidan mag‘ribiy xat uslubida ko‘chirilgan noyob qo‘lyozma, shuningdek, XII-XIII asrlar chegarasida saljuqiylar davrida xattot Muhammad Sodiq ibn Muhammad Shafiy tomonidan nasx xatida ko‘chirilib, satrlar orasiga forsiy tarjimasi berilgan nodir nusxa shular jumlasidandir. Ayrim qo‘lyozmalarda Samarqand, Hirot va Buxoro kitobat maktablarining an’analari yaqqol namoyon bo‘lishi qayd etilgan.

Shundan so‘ng Prezidentga muzeyga tashrif buyuruvchi mehmonlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishni tashkil etish ishlari taqdimot qilingan.
Markaz qisqa muddat ichida xalqaro nufuzli tashkilotlar va nashrlar tomonidan e’tirof etilayotgani ta’kidlangan. Xususan, markaz Fransiyaning Avitsenna mukofotiga sazovor bo‘lgan, AQSHdagi Smitson institutining “Smithsonian Magazine” nashri talqiniga ko‘ra, 2026 yilda dunyoda eng katta qiziqish bilan kutilgan 10 ta muzeydan biri sifatida e’tirof etilgan. Shuningdek, “Condé Nast Traveler” nashri uni 2026 yil iyun oyida tashrif buyurish mumkin bo‘lgan muzeylar ro‘yxatiga kiritgan, BBC Travel esa dunyodagi eng ko‘p kutilgan muzeylar qatoriga qo‘shgan.

Markazda tashrif buyuruvchilarga xalqaro standartlar asosida xizmat ko‘rsatish uchun tarqatma materiallar, broshyuralar va kitoblar tayyorlangan. O‘zbekiston muzey amaliyotida ilk bor xalqaro ekspertlar jalb etilgan holda zamonaviy kimyo-fizik laboratoriyada barcha muzey ashyolarining kimyoviy tarkibi va yaratilganlik vaqti aniqlanib, ularning texnologik pasportlari tayyorlangan.
Xalqaro ISO standartlari asosida eksponatlar raqamlashtirilib, yagona elektron platformaga joylashtirilgan. UNESCO va IKOM talablari, shuningdek, jahonning eng mashhur muzeylari tajribasi asosida eksponatlarning 8 yo‘nalishdagi etiketaj etalonlari va tasniflari yaratilgan. Har bir eksponatga QR-kodlar joylashtirilishi natijasida tashrif buyuruvchilar mobil telefon yoki planshet orqali ularning video va audio kontenti bilan dastlab 3 tilda, keyinchalik esa 8 tilda tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Taqdimotda “Har kim uchun ochiq muzey” konsepsiyasi asosida markazni ijtimoiy integratsiya maydoniga aylantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilufy. Kelgusida barcha eksponatlarga maxsus elektron chiplar o‘rnatish, ko‘zi ojiz insonlar eksponatga yaqinlashganda audiogid orqali ma’lumotni avtomatik eshitish tizimini joriy etish, Bluetooth mayoqchalari yordamida bino ichida mustaqil harakatlanish imkoniyatini yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Britaniya, Luvr va Metropolitan muzeylaridagi kabi robotgidlar, planshetlar orqali video va audio tanishuv, audiogidlar, radiogidlar va yo‘nalish ko‘rsatuvchi quloqchinlardan foydalanish ko‘zda tutilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, markazga bir kunda o‘rtacha 5 ming nafarga yaqin tashrif buyuruvchi kelishi kutilmoqda. Markaz va muzeyning xalqaro standartlar asosida to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun 400 dan ziyod xodim talab etilishi, ayni paytda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan 100 dan ortiq nazoratchi va 30 dan ziyod ekskursovodlar faoliyat yuritayotgani, 10 ta davlatdan tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun alohida gid matnlari ishlab chiqilgani ham qayd etilgan.

Shundan keyin davlat rahbari markaz binosining ikkinchi qavatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishgan.
Tashrifning navbatdagi qismida Prezident markaz kutubxonasini ko‘zdan kechirgan.
Kutubxonaning umumiy maydoni 3 ming 105 kvadrat metrni tashkil etadi. Hozirgi vaqtda uning fondi 45 ming 150 tadan ziyod adabiyotni qamrab olgan bo‘lib, shundan 2 ming 609 tasi nodir nashrlardan iborat. Bundan tashqari, kutubxonada 350 mingta elektron adabiyot mavjud. U bir vaqtning o‘zida 310 nafar foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Olimlar va professorlar uchun alohida 4 ta xona tashkil qilinib, ularning ilmiy faoliyat olib borishi uchun barcha zamonaviy texnika va qulayliklar yaratilgan.
Kutubxona bo‘limlaridan biri 22 nafar ma’rifatparvar jadid bobolarimizning merosiga bag‘ishlangan. Jadidlarning fotoportretlari joylashtirilgan kitob javonlarida esa ular tomonidan yaratilgan va faoliyatiga oid nodir adabiyotlar o‘rin olgan.

Shuningdek, kutubxona fondini O‘zbekistonning ulug‘ mutafakkir olimlari hayoti va ijodi, ular tashkil etgan ilmiy maktablar to‘g‘risidagi noyob nashrlar bilan boyitish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, buyuk allomalarimizning qo‘lyozma va toshbosma asarlarining ilk nashrlari, ularning ilmiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan noyob tadqiqotlar va sharhlar xarid qilinib, fondga qo‘shilgan. Bu ishlar xorijiy auksionlar, ilmiy muassasalar, xususiy kolleksiyalar hamda xalqimiz tomonidan keltirilgan manbalar hisobiga muntazam davom ettirilmoqda.

Kutubxonadan Yevropa nodir nashrlari ham o‘rin olgan bo‘lib, ularda lotin tilidagi musulmon sulolalari, turkiy xalqlar tarixi, Sharq xalqlariga oid ensiklopediyalar, Xuroson va Movarounnahrga bag‘ishlangan sayohatnomalarning XX asrgacha bo‘lgan davrda chop etilgan nusxalari mavjud. Shu bilan birga, shaxsiy kolleksiyalardan xarid qilingan qo‘lyozmalar, Nosiruddin Rabg‘uziyning “Qisas ul-anbiyo” asari, Alisher Navoiyning XIX asr boshlarida Toshkentda ko‘chirilgan devonlari, Mavlono Jaloliddin Rumiy asarlarining turkiy tildagi tarjimalari kabi nodir manbalar ham kutubxona mazmunini yanada boyitgan.

Kutubxonada imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun ham alohida sharoit yaratilgani haqida axborot berilgan. Xususan, ko‘rish qobiliyati cheklangan yoki zaif ko‘ruvchi insonlar uchun maxsus xonalar, ixtisoslashgan dasturlar, printer va qurilmalar o‘rnatilgan, ular uchun Brayl yozuvidagi 1000 dan ortiq adabiyot keltirilgan. O‘zbekistonda ilk bor aynan shu kutubxonada ovozdan xoli kabinalar tashkil etilgan bo‘lib, ular foydalanuvchilarning onlayn muloqot olib borishida atrofdagilarga xalaqit bermaslik, shu bilan birga, suhbat va shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, “Sonic chair” audio resurslar uchun zamonaviy qurilmasi nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyoda ham birinchi marta shu yerda joriy etilgan.
Kutubxona hududida kitobxonlar uchun yashil maydon, nusxa ko‘chirish xizmati, individual shug‘ullanish uchun maxsus xonalar va bolalar uchun alohida maydon ham tashkil etilgan.
Shundan keyin Prezident markaz huzurida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma faoliyati bilan tanishgan.
Ma’lum qilinishicha, platforma doirasida bir qator nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. ICESCO, IRCICA, Oksford islom tadqiqotlari markazi, Fransiyadagi Temuriylar jamiyati, TÜRKSOY kabi xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ular uchun ofis xonalari tashkil etilgan. Bu mahalliy olimlar va xorijiy tashkilotlar vakillarining hamjihatlikda tadqiqot olib borishi, qo‘shma loyihalar ishlab chiqishi va ma’rifiy tashabbuslarni amalga oshirishi uchun qulay muhit yaratadi.
Tashrif davomida davlat rahbari markazga hadya etilgan va xorijdan xarid qilingan qimmatbaho tarixiy artefaktlar ko‘rgazmasi bilan ham tanishgan.
Qayd etilishicha, Prezident topshirig‘iga muvofiq, xorijdagi madaniy boyliklarni O‘zbekistonga qaytarish ishlari izchil olib borilmoqda. O‘tgan yilda Buyuk Britaniyadagi “Sotheby’s” va “Christie’s” kabi auksion uylari, art-dilerlar va shaxsiy kolleksionerlardan 700 dan ortiq artefaktlar sotib olingan. Shuningdek, turli muassasalar, tashkilotlar va homiylar tomonidan 1000 dan ortiq buyumlar hadya qilingan. Ularning asosiy qismi birinchi qavatdagi muzeyga joylashtirilgan.
Ekspozitsiyada somoniylar, qoraxoniylar, g‘aznaviylar, temuriylar va boshqa davrlarga mansub ko‘plab nodir artefaktlar namoyish etilgan. Xususan, X asr oxirlarida ishlangan, oltin suvi yuritilgan va somoniy sarkardasi Abu Mansur Sabuktekin nomi bitilgan kumush barkash, somoniylar davriga oid kumush piyola va mis siyohdon, Oltin O‘rda hukmdori O‘zbekxon davrida yasalgan, firuza toshlar bilan bezatilgan ayollar kamari, XIX asr usmoniylar davriga mansub “Alloh” va “Muhammad” ismlari bitilgan zardo‘zi kashtalar alohida e’tiborga molik ekani aytilgan.
Prezidentga temuriylar davri kulolchilik namunalari, Madina shahrida Payg‘ambar qabri ustiga yopilgan XIX asrga mansub ipak yopinchiq, Ka’ba eshigi ustida osilgan xizomaning tarixiy namunasi, katta hajmli “ona-so‘zana”, Amir Temur davrida ko‘chirilgan yirik Umar Aqto’ Qur’onining parchalari, temuriylar davri arxitektura yodgorliklariga tegishli koshin bo‘laklari, boburiylar davriga mansub qurol-aslaha, dubulg‘a, qalqon, qilich va sovut parchalari haqida ham axborot berilgan.
Shuningdek, Amudaryo xazinasiga oid topilmalar haqida ham ma’lumot taqdim qilingan. 1877 yilda Buxoro amirligi hududidan topilgan va bugun Britaniya muzeyida saqlanayotgan ushbu betakror xazinaning ayrim qismlarini Londondagi savdo uylari orqali O‘zbekistonga olib kelishga muvaffaq bo‘lingan. Ular orasida VIII-IX asrlarda ishlangan so‘g‘d chavandozi tasvirlangan oltin pektoral, Baqtriya davriga mansub og‘irligi 666 gramm bo‘lgan ilon shaklidagi bilaguzuklar kabi noyob buyumlar bor.
Ekspozitsiyada markazga hadya qilingan artefaktlar ham munosib o‘rin olgan. Xususan, Amerikada yashovchi sharqshunos olim Aleksandr Naymark Pahlavon Mahmud qo‘lyozmasini markazga tuhfa qilgani, bu qo‘lyozma Xiva xoni Muhammad Rahimxon Feruzning shaxsiy dastxati bilan ko‘chirilgani va uni o‘rganish jarayonida 70 dan ortiq yangi ruboiylar aniqlangani aytilgan. Shuningdek, turli davrlarga mansub tangalar, taqinchoqlar, medalonlar va boshqa tarixiy ashyolar, jumladan, Mayskiy xazinasi topilmalari ham ko‘rgazmadan joy olgan.
Umuman, tashrif chog‘ida mazkur markazning yurtimiz tarixi va madaniy merosini chuqur o‘rganish, asrab-avaylash va keng targ‘ib etish, islom dinining haqiqiy insonparvarlik va ma’rifatparvarlik mohiyatini ochib berish, ajdodlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy va ma’naviy boylikni xalqaro miqyosda namoyon etish borasidagi ulkan salohiyati yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi.
Tashrif yakunida davlat rahbari Islom sivilizatsiyasi markazining Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qoldirgan.
Live
Barchasi