Shavkat Mirziyoyev Quvaytga hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
01 mart 5953 3 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli Quvayt xalqi va rahbariyatiga hamdardlik bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
“Quvayt davlati Tashqi ishlar vaziri Shayx Jarroh As-Saboh janoblari bilan telefon orqali muloqot qildik. Yaqin Sharqdagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashdik”, deydi Saidov.
Shuningdek, u vujudga kelgan murakkab sharoit munosabati bilan Quvayt xalqi va rahbariyatiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy hamdardligini yetkazgan.
Muloqot davomida davlat suvereniteti va hududiy yaxlitlikni hurmat qilish, shuningdek barcha masalalarni xalqaro huquq normalariga muvofiq tinch yo‘l bilan hal etish muhimligi ta’kidlangan.
Qayd etish joiz, bungacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli Qatar xalqiga hamdardlik bildirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Quvayt xalqaro aeroporti Eron dronlari hujumiga uchragani, oqibatda bir necha xodim jarohat olgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, mamlakatda Isroil va AQSH zarbalariga Eronning javob qaytarishi fonida portlash tovushlari yangragan. Havo hujumidan mudofaa trevoga signallari ishlagan.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Avvalroq, Eron davlat televideniyesi Xomanaiy Isroil va AQSH tomonidan o‘ldirilganini xabar qilgan edi. Eronning “Tasnim” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u kecha, 28 fevral kuni ertalab o‘z ishxonasida o‘ldirilgan. Oyatullohning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami va 7 kunlik umumxalq dam olish kunlari e’lon qilindi.
Shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti tasdiqlanganidan so‘ng, mamlakat “Qurolli kuchlari tarixidagi eng shiddatli hujum operatsiyasi” boshlanganini ma’lum qilgandi.
Shundan so‘ng, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakat Isroil va AQSHga qarshi yangi hujumlar boshlanganini e’lon qildi.
Live
Barchasi