Yaqin Sharqdagi urushning oqibati dunyo uchun halokatli bo‘ladi – Guterrish
Olam
−
30 aprel 2162 1 daqiqa
Yaqin Sharqdagi mojaro dunyo iqtisodiyoti uchun halokatli oqibatlarga olib keladi. Bu haqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.
Bosh kotibning fikricha, Erondagi nizo fonida mahsulot yetkazib berishdagi uzilishlar yil oxirigacha saqlanib qolsa, dunyoga global retsessiya xavf soladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, oqibatlar dahshatli bo‘ladi.
“Uchinchi ssenariyga ko‘ra, jiddiy uzilishlar yil oxirigacha davom etadi. Biz odamlarga, iqtisodiyotga, shuningdek, siyosiy va ijtimoiy barqarorlikka qaqshatqich zarba beradigan global retsessiya sharpasiga duch kelmoqdamiz. Bu oqibatlar shunchaki qo‘shilmaydi – ular geometrik progressiyada o‘sib boradi”, deydi Guterrish.
Eng vayronkor zarba rivojlanayotgan mamlakatlarga to‘g‘ri keladi. BMT Bosh kotibi ushbu davlatlarning inqirozga qarshi turish qobiliyati og‘ir qarzlar yuki tufayli falaj bo‘lganini qayd etgan.
Inqiroz ish o‘rinlarining ommaviy yo‘qolishiga, qashshoqlik darajasining yanada oshishiga va ushbu mintaqalardagi ochlik muammosining keskinlashuviga olib keladi. Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, bu – muqarrar. BMT rahbari Yaqin Sharqdagi nizo oqibatlari har soatda og‘irlashib borayotganini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Oliy rahnamosi Mujtabo Xomanaiy Tehron Hormuz bo‘g‘ozi va Fors ko‘rfazini boshqarishda davom etish niyatida ekanligini ma’lum qilgandi.