Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo siyosatining asosini aytdi
Jamiyat
−
12 dekabr 916 4 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 dekabr kuni Ashxobod shahrida Turkmaniston doimiy betarafligining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025 yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etdi.
Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqar ekan, global miqyosda keskinlik saqlanib qolayotgan va davlatlar o‘rtasida ishonch zaiflashayotgan hozirgi sharoitda tinchliksevarlik va vositachilik tamoyillariga umumiy sodiqlik har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganini qayd etdi. Uning aytishicha, Turkmanistonning 2025 yilni “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilish haqidagi taklifi Aynan shu sababli ham jahon hamjamiyatining eng muhim talablariga javob beradi.
O‘zbekiston ushbu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan va BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyasining hammuallifi bo‘lgan.
“Ushbu global g‘oya qarama-qarshiliklarni rad etadigan, mojarolarni muzokaralar stoli atrofida hal qilishga sodiq va tinchlik o‘rnatish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar ko‘rish tarafdori bo‘lgan mamlakatlarning birlashishiga xizmat qiladi deb hisoblaymiz.
Shuni ta’kidlashni istardimki, o‘zaro ishonch, hurmat va jipslik tamoyillari bizning Markaziy Osiyoni tinchlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik makoniga aylantirish borasidagi siyosatimizning ham asosidir.
O‘tgan oyda Toshkentda bo‘lib o‘tgan mintaqa davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi hamjihatlikni mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlar, ko‘pqirrali iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanimizni yana bir bor ko‘rsatdi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, Turkmanistonning konstruktiv hamda tinchliksevarlik siyosati Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashning muhim omili hisoblanadi.
Rasmiy Ashxobod 2018 yilda – ko‘p yillardan buyon birinchi marta Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga a’zo davlatlar rahbarlarining birinchi sammitini tashkil etgan holda, Jamg‘arma doirasida oliy darajadagi muloqotlarni qayta tiklashda katta rol o‘ynadi.
Shu yilning avgust oyida Avazada BMTning dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasining o‘tkazilishi mintaqada yagona transport-logistika makonini shakllantirishga muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.
Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb etish va infratuzilmaviy bog‘liqlikni kuchaytirish orqali tinch yo‘l bilan rivojlantirishga ko‘maklashish masalalari bo‘yicha bizning va Turkmanistonning yondashuvlari to‘liq mos keladi.
Ashxobodning energetika va suv xavfsizligi, barqaror transport bog‘liqligini ta’minlash, shuningdek, mintaqada ekotizimni himoya qilish bo‘yicha tashabbuslari bizning Markaziy Osiyodagi sa’y-harakatlarimizni tabiiy ravishda to‘ldirmoqda.
Turkmanistonning zamirida tinchlik va ishonch kabi ezgu g‘oyalar mujassam bo‘lgan bu takliflari uning mintaqa davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlari formatida raisligi davomida kun tartibidan munosib o‘rin egallashiga aminman.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
O‘zaro hurmat, ishonch va hamjihatlikka asoslangan hamkorlik eng ulug‘vor rejalarni hayotga tatbiq etish imkonini beradi. Shuning uchun ushbu rejalarni gumanitar hamkorlik orqali ilgari surish muhim.
Shu munosabat bilan kelgusi yili Toshkentda ijodiy jamoalar, olimlar va adiblar ishtirokida “Madaniyatlar muloqoti” deb nomlangan qo‘shma xalqaro gumanitar forumni tashkil etish, shuningdek, ta’lim, madaniyat va volontyorlik harakati sohalaridagi tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish orqali yoshlarni tinchlik va ishonch jarayonini mustahkamlashga jalb etishga yo‘naltirilgan “Yoshlar tinchlik va ishonch yo‘lida” mintaqaviy dasturini joriy etishni taklif qilamiz.
Qadrli do‘stlar!
Tinchlik va ishonch – umumiy farovonlik asosidir. Bu qadriyatlarni mustahkamlash butun xalqaro hamjamiyat uchun hal qiluvchi ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolishi zarur.
O‘zbekiston dunyoda adolatli va barqaror tartibotni barpo etishga bundan buyon ham amaliy hissa qo‘shishga tayyor.
Forum ishtirokchilariga sermahsul faoliyat, qardosh Turkmaniston xalqiga esa tinchlik, farovonlik va yanada ravnaq topishni tilayman”, deya nutqini yakunladi Shavkat Mirziyoyev.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon hamda boshqa davlatlar yetakchilari, hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham qatnashdi
Live
Barchasi