Shavkat Mirziyoyev mudofaa qobiliyatini kuchaytirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Jamiyat

image

Bugun, 3 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev huzurida mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yig‘ilishda O‘zbekiston mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash, harbiy xavfsizligini ta’minlash masalalari, shuningdek, joriy yil 13 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosining borishi ko‘rib chiqilgan. 

Dunyoda keskinlik va mojarolar o‘choqlari saqlanib qolayotgani, geosiyosiy raqobat kuchayib, yangi xatar va tahdidlar xavfi ortib borayotgani ta’kidlangan. Ayrim mintaqalardagi harbiy harakatlar jiddiy gumanitar va iqtisodiy oqibatlarga olib kelayotgan notinch xalqaro vaziyat sharoitida mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash hamda xavfsizligini ta’minlash alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Mudofaa vaziri qo‘shinlarning jangovar shayligini oshirish, qism va bo‘linmalarni tezkor tayyorlash, ularni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan ta’minlash, harbiy-ma’muriy sektorlar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot bergan.

Rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasi va jangovar harakatlar tajribasini o‘rganish, harbiy boshqaruv va tayyorgarlik tizimiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, qo‘shinlar samaradorligini oshirish uchun yangi texnologiyalar, jumladan, uchuvchisiz tizimlar va raqamli boshqaruv yechimlarini keng qo‘llash zarurligi qayd etilgan.

Shuningdek, harbiy-ma’muriy sektorlar, poligonlar, ta’lim muassasalari va moddiy-texnik ta’minot ob’ektlari infratuzilmasini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish hamda rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.

Harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishni izchil davom ettirish, ilmiy tadqiqot ishlarini kuchaytirish, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnologiyalarni o‘zlashtirishga qaratilgan dasturlarni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Yig‘ilish yakunida davlat rahbari Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha tegishli vazifalarni belgilab bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Qurolli Kuchlar mudofaa qobiliyati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing