Shavkat Mirziyoyev Ostonada BMT ijrochi direktori bilan muloqot qildi
Jamiyat
−
22 aprel 1532 1 daqiqa
Bugun, 22 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida o‘tayotgan Mintaqaviy ekologik sammit doirasida BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi ijrochi direktori Inger Andersen bilan muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, atrof-muhitni muhofaza qilish, barqaror rivojlanish va iqlim muammolariga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqilgan.
O‘zaro hamkorlik, shu jumladan, milliy ekologik ma’ruzalarni tayyorlash, atrof-muhit monitoringi tizimini takomillashtirish va institutsional salohiyatni mustahkamlash masalalarida izchil rivojlanib borayotgani qayd etilgan.
Ijrochi direktor O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan “Yashil makon”, “Biomeros”, “Toza havo,” “Chiqindisiz hudud” va “Ekomadaniyat” kabi milliy loyihalarni yuqori baholagan. Ularning ekologik barqarorlikni ta’minlash va aholi turmush sifatini oshirishdagi ahamiyati qayd etilgan.
Inger Andersen, shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining bugungi sammitda ilgari surilgan tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha amaliy sheriklikni kengaytirishga tayyorligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Ostonada o‘tayotgan Mintaqaviy ekologik sammitda “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini ta’sis etishni taklif qilgan edi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti yana 7 ta aniq taklifni ilgari surdi.
Live
Barchasi