Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidentiga tabriknoma yubordi
Jamiyat
−
18:02 1458 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevga tabrik maktubi yo‘lladi. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Abu-Dabi shahrida Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” xalqaro mukofoti bilan taqdirlangan Ozarbayjon Prezidentini O‘zbekiston rahbari chin qalbdan, samimiy muborakbod etgan va eng ezgu tilaklarini izhor qilgan.
“Mazkur yuksak va nufuzli mukofotga loyiq ko‘rilishingiz, avvalo, Janubiy Kavkaz mintaqasida barqaror tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash yo‘lida olib borayotgan tinimsiz sa’y-harakatlaringiz hamda uzoqni ko‘ra biladigan va dono tashqi siyosatingizga bildirilgan chuqur hurmatning yaqqol e’tirofidir”, deyiladi tabriknomada.
Qolaversa, 2025 yil 8 avgust kuni Vashington shahrida Ilhom Aliyev hamda Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan tomonidan Qo‘shma bayonot imzolanishi tinchlik sari yo‘lda tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim voqea bo‘lgani ta’kidlangan.
Shuningdek, Ilhom Aliyevning ko‘p yillar davom etgan mojaroni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishga qaratilgan qat’iy qarori, shuningdek, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida teng huquqli munosabatlarni tiklash, mintaqaviy xavfsizlikning mustahkam mexanizmlarini shakllantirish, iqtisodiy va transport aloqalarini rivojlantirish borasidagi amaliy sa’y-harakatlari yuksak e’tirofga loyiq ekani bildirilgan.
“Hurmatli Ilhom Haydar o‘g‘li, siz xalq va davlat manfaatlari yo‘lida tinchlikka qaratilgan muloqotlarni qanday olib borish, eng murakkab masalalarni ham chuqur o‘ylangan va jasoratli qarorlar orqali samarali hal etish namunasini butun dunyoga yaqqol namoyish etdingiz”, degan Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 fevral kuni Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabi shahrida Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” xalqaro mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tgandi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taqdirlash marosimi ishtirokchilariga videomurojaat yo‘llagan.
Live
Barchasi