Shavkat Mirziyoyev Shveysariyaga jo‘nab ketdi
Jamiyat
−
21 yanvar 2973 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan bugun, 21 yanvar kuni Davos shahrida Amerika yetakchisi tashabbusi bilan tashkil etilayotgan “Tinchlik kengashi” nizomini imzolash marosimida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Shveysariyaga jo‘nab ketdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etish joiz, bungacha O‘zbekiston rahbari kengashga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilish taklifini qabul qilgan edi.
Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidentiga yo‘llagan maktubida ushbu tashabbus Yaqin Sharqdagi ko‘p yillik mojarolarni hal etish, keng mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davosda “Tinchlik kengashi” ustavini imzolash marosimi bo‘lib o‘tishi haqida xabar berilgan edi. Nizom loyihasiga ko‘ra, Tramp organning birinchi raisi bo‘ladi va yangi a’zolarni taklif qilish bo‘yicha qarorlarni shaxsan o‘zi qabul qiladi. Tashkilotning doimiy a’zosi maqomini olish uchun AQSH ma’muriyati davlatlardan birinchi yil davomida kamida 1 milliard AQSH dollari miqdorida badal to‘lashni talab qiladi.
“Bloomberg”ning qayd etishicha, bunday moliyaviy sharoit ko‘plab jahon yetakchilarini hayratda qoldirdi va keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Dastlab kengash G‘azo sektorini tiklashni nazorat qilish uchun tashkil etilgan bo‘lsa-da, Nizom matni BMTga muqobil bo‘lishi mumkin bo‘lgan tashabbusning kengroq va global ambitsiyalarini ko‘rsatadi. Ba’zi taklif qilingan tomonlar Tramp rais sifatida yangi tuzilma mablag‘lari ustidan yagona nazoratni qo‘lga kiritishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
Live
BarchasiSuriyada KIP qo‘mondoni o‘ldirib ketildi
21 yanvar