Shavkat Mirziyoyev Temuriylar tarixi davlat muzeyiga bordi
Jamiyat
−
09 aprel 1943 2 daqiqa
Bugun, 9 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Sohibqiron Amir Temur tavallud topganining 690 yilligi munosabati bilan rekonstruksiya qilingan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumki, Movarounnahrni yagona davlat sifatida birlashtirgan Sohibqiron poytaxti Samarqand bo‘lgan qudratli saltanat tuzgan. O‘zining dunyoga mashhur “Temur tuzuklari” orqali davlatni boshqarishning huquqiy mezonlarini belgilab bergan. Ilm-fan va madaniyat rivojiga ham beqiyos hissa qo‘shib, Ikkinchi uyg‘onish davri – temuriylar Renessansiga asos solgan.

Uning davrida bunyod etilgan bebaho obidalar o‘zbek xalqining milliy g‘ururi va o‘lmas tarixiy merosi bo‘lib xizmat qilmoqda. Amir Temurning “Adolat har bir ishda hamrohimiz va dasturimiz bo‘lsin”, deya ta’kidlagan hikmatli so‘zlari bugun Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarda yaqqol aks etmoqda.

Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash maqsadida joriy yil 5 fevral kuni Prezidentning tegishli qarori qabul qilingan. Hujjatga ko‘ra, har yili aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilinib, ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar va mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchi va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari va ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.

Qaror ijrosi doirasida dunyodagi mashhur muzeylarning eng ilg‘or tajribalarini qo‘llagan holda Temuriylar tarixi davlat muzeyi binosi rekonstruksiya qilingan, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Raqamlashtirish orqali imkoniyatlari kengaytirilib, ekspozitsiyalari yangilangan, jumladan, xorijdagi to‘plamlardan xarid qilingan eksponatlar bilan boyitilgan.

Jumladan, muzeyning birinchi qavatida “Buyuk Sohibqiron – Ikkinchi Renessans asoschisi” bo‘limi tashkil etilgan. Ikkinchi qavatda esa sun’iy intellekt va “aqlli” texnologiyalar asosida Amir Temur davri va temuriylar haqida interaktiv ekspozitsiyalar joylashgan. Shuningdek, 3D formatdagi eksponatlar hamda xaritalar namoyish qilingan.

Davlat rahbari Temuriylar tarixi davlat muzeyining yangilangan ekspozitsiyasi va tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, ajdodlar merosini o‘rganish, asrab-avaylash va targ‘ib etishning naqadar muhim ekaniga urg‘u bergan.

“Dunyo havas qilgulik tariximiz, merosimiz bor. Sohibqiron tarixini jamlagan muzey zamonga munosib yangi qiyofaga kelgani yaxshi bo‘ldi. Endi buni aholimizga, yoshlarga, xorijlik mehmonlarga yetkazish eng katta vazifamiz. Yangi O‘zbekistonni yuksaltirish uchun kerakli bilimlarni qayerdan olish mumkin desangiz, bularning barchasi – ajdodlarimiz qoldirgan merosda, ilmda. Shu bois, yoshlarimizni, nuroniylarni, umuman, aholimizni mahallabay tarzda muzeylarga olib kelib, buyuk tariximiz haqidagi bilimlarini oshirishimiz lozim”, deydi davlat rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif asnosida Temuriylar tarixi davlat muzeyining mehmonlar kitobiga dastxat qoldirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Amir Temur xiyoboniga tashrif buyurib, Amir Temur haykali poyiga gulchambar qo‘ygandi.
Live
Barchasi