Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili 26 ta davlatga oliy darajadagi tashrif amalga oshirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yilda 26 ta davlatga oliy darajadagi tashrif amalga oshirgan. Bu haqda bugun, 15 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytildi.

“Bugun sizlar bilan jahonda keskin geosiyosiy o‘zgarishlar bo‘layotgan, davlatlarning suverenitetiga xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan murakkab paytda uchrashib turibmiz.

Bunday sharoitda tashqi siyosat sohasidagi faoliyatimizni tanqidiy muhokama qilib, Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatini yangicha tashkil qilish kerakligini davrning o‘zi taqozo etmoqda”, deydi Prezident so‘zining avvalida.

Davlat rahbari tashqi siyosat borasida 2025 yil ko‘p jihatdan natijador bo‘lganini qayd etgan.  Xususan, o‘tgan yili 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflar amalga oshirilgan. Yangi tarixda ilk bor Bolgariya, Finlyandiya, Slovakiya, Serbiya, Iordaniya va Paragvay rahbarlarining O‘zbekistonga tashriflari tashkil etilgan.

“Markaziy Osiyo plyus” formatidagi ko‘p tomonlama muloqotlar sermahsul bo‘lgan. So‘nggi yillarda 11 ta davlat bilan strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 19 taga yetgan. Qozog‘iston, Ozarbayjon, Tojikiston bilan ittifoqchilik munosabatlari yo‘lga qo‘yilgan.

“Ochiq, pragmatik, puxta o‘ylangan va tashabbuskor tashqi siyosatimiz natijasida O‘zbekiston global tinchlik va diplomatiya markazlaridan biriga aylanib boryapti”, deydi Prezident.

Xorijiy davlatlarda 2017 yildan buyon 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonasi ochilib, ularning soni 60 taga, diplomatik aloqa o‘rnatilgan davlatlarning soni esa 165 taga yetgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Tashqi ishlar vazirligi oliy darajadagi tashrif

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing