Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekneftgaz”ga gaz qazib olish hajmini oshirishni buyurdi

Jamiyat

image

“O‘zbekneftgaz” kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 66 million kub metrdan 70 million kub metrga ko‘paytirish, bu yil kamida 25,4 milliard kub metr gaz qazib chiqarish choralarini ko‘radi. Bu haqda bugun, 12 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining kelgusidagi vazifalari va rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishishi chog‘ida mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Bildirilishicha, taqdimotda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati oldida turgan eng asosiy vazifa tabiiy gaz zaxiralarini oshirish va qazib chiqarish hajmlarini ko‘paytirish ekani qayd etilgan. Kompaniya kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 66 million kub metrdan 70 million kub metrga ko‘paytirish, bu yil kamida 25,4 milliard kub metr gaz qazib chiqarish choralarini ko‘rishi zarurligi ta’kidlangan.

Mavjud imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilgan.

Gaz zaxiralarini o‘stirish uchun yangi istiqbolli investitsiya bloklarini shakllantirish, investorlarga berilgan ayrim maydonlarda esa ishlarni jadallashtirish va samaradorligini oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Nafta ishlab chiqarish hozirda quvvatning 70 foizida amalga oshirilayotgani, mahsulot esa 50 foiz arzon narxlarda eksport qilinayotgani ko‘rsatib o‘tilgan. Naftadan polimer mahsulotlari ishlab chiqarilsa, qo‘shilgan qiymatni 6 karra oshirish imkoniyati borligini hisobga olib, mavjud quvvatlarni to‘liq ishlatish choralarini ko‘rish topshirilgan.

“O‘zbekneftgaz”ning moliyaviy holatini yaxshilash chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqilgan.

Yig‘ilishda neft-gaz sohasida o‘g‘rilik va korrupsiya holatlariga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.

Sohadagi korrupsion xavflarni oldini olish maqsadida “O‘zbekneftgaz” tuzilmasida raisning alohida o‘rinbosari lavozimi kiritilib, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati tashkil etilgan. Tizimdagi har qanday noqonuniy holatni tezkor aniqlash va oldini olish bo‘yicha samarali tizim yaratish vazifasi qo‘yilgan.

Prezident neft-gaz sohasida transformatsiyani chuqurlashtirish, gaz zaxiralari va qazib olish hajmlarini oshirish, moliyaviy intizomni kuchaytirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing