Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga jo‘nab ketdi
Jamiyat
−
10:04 1628 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining taklifiga binoan bugun, 18 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Tokioda bir qator oliy darajadagi uchrashuvlar va tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston – Yaponiya strategik sherikligi va ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish hamda kengaytirish masalalari diqqat markazida bo‘ladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti davlat rahbarlarining birinchi sammitida ishtirok etadi.
Sammit dastlab 2024 yil avgust oyida Qozog‘istonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan, ammo Yaponiyada Tinch okeani sohilida mega zilzila xavfi yuzaga kelishi munosabati bilan favqulodda tayyorgarliklar sabab bekor qilingan edi.
Yaponiya ushbu sammit orqali Markaziy Osiyo bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashni maqsad qilgan. Sammitda mintaqaviy xavfsizlik, savdo va investitsiya imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda. Yapon rasmiylari ushbu tadbirni global davlatlarning mintaqaga ta’sirini muvozanatlash imkoniyati sifatida ko‘rmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19-20 dekabr kunlari Yaponiyaning Tokio shahrida Markaziy Osiyo – Yaponiya sammiti o‘tkazilishi xabar qilingandi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev esa 18-20 dekabr kunlari Yaponiyaga rasmiy tashrif bilan boradi.
Live
Barchasi