Shavkat Mirziyoyev YeTTB banki prezidenti bilan uchrashdi
Jamiyat
−
22 yanvar 1397 2 daqiqa
Bugun, 22 yanvar kuni Davosdagi tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda ushbu yetakchi moliya instituti bilan strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilingan.
Bankning mamlakat bilan hamkorligi barqaror strategik tusga ega. O‘zbekiston YeTTBning mintaqadagi eng yirik hamkori bo‘lib qolmoqda. Bankning investitsiyalari hajmi qariyb 7 milliard dollarga yetgan. 2025 yilda amaliyotlar, shu jumladan, xususiy sektorga yo‘naltirilgan mablag‘larning hajmi 1 milliard dollardan oshgan.
YeTTBning “yashil” energiyani rivojlantirish, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ekologik dasturlarni amalga oshirish, moliya bozorini isloh qilish va tadbirkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi yuqori baholangan.
Joriy yil uchun hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, xususiy sektor va infratuzilmani rivojlantirish, temiryo‘l transportini raqamli transformatsiya qilish hamda boshqa masalalar belgilab olingan.
Ayollar va yoshlarni zamonaviy kasblar va biznesga o‘qitish bo‘yicha dasturlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Shveysariyaning Davos shahrida “Tinchlik kengashi” nizomini imzolash marosimida ishtirok etgani haqida xabar berilgan edi. Bu orqali O‘zbekiston uni ta’sis etgan davlatlardan biriga aylandi. AQSH Prezidenti Donald Tramp raisligida o‘tgan tadbirda Argentina, Armaniston, Bahrayn, Bolgariya, Indoneziya, Iordaniya, Marokash, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Paragvay, Pokiston, Qatar, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Vengriya va boshqa davlatlar rahbarlari, Bosh vazirlari va Tashqi ishlar vazirlari ham qatnashgan.
Live
Barchasi