Shayx Hasina o‘limga hukm qilindi
Olam
−
17 noyabr 32277 2 daqiqa
Bugun, 17 noyabr kuni Bangladesh xalqaro jinoiy ishlar bo‘yicha tribunali sobiq bosh vazir Shayx Hasinani 2024 yildagi ommaviy tartibsizliklarni shafqatsiz bostirganlikda ayblab, o‘lim jazosiga hukm qildi. Bu haqda BTV davlat telekanali xabar berdi.
Sud Hasinani insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha qo‘yilgan besh bandning barchasi bo‘yicha aybdor deb topgan. Xabarlarga ko‘ra, u tergov davomida bir necha bor tartibsizliklar chog‘ida o‘t ochish to‘g‘risida buyruq bermaganini, bu ko‘rsatmalar uning iste’fosidan so‘ng muvaqqat hukumatni boshqargan Muhammad Yunusdan chiqqanini aytgan.
Shu bilan birga, sobiq ichki ishlar vaziri Asaduzzamon Xon Kamol ham o‘lim jazosiga hukm etilgan.
Ma’lumot uchun, Shayx Hasina 78 yoshda. U Bangladeshda 1996–2001 yillarda hamda 2009–2024 yillar davomida bosh vazir lavozimida ishlagan. Noroziliklar dastlab talabalarning chiqishlari sifatida boshlangan, keyinchalik esa umumxalq qo‘zg‘oloniga aylanib, hozir “Iyul inqilobi” deb atalmoqda.
BMT hisobotiga ko‘ra, 46 kun davom etgan noroziliklar chog‘ida qariyb 1,4 ming kishi halok bo‘lgan. Ularning deyarli barchasi xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o‘ldirilgan, qurbonlarning 12–13 foizini esa bolalar tashkil etgan. Hisobotda namoyishchilarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar “yuzlab sudsiz qatl etishlar, keng ko‘lamli noqonuniy hibslar va ushlab turishlar, qiynoqlar, bolalarga nisbatan zo‘ravonliklar, shuningdek, gender asosidagi zo‘ravonliklar” sifatida tasvirlangan.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi zo‘ravonliklar “sobiq siyosiy rahbariyat va xavfsizlik xizmatlarining yuqori martabali amaldorlari xabardorligi, muvofiqlashtirishi va ko‘rsatmalari bilan, noroziliklarni bostirish va sobiq hukumatning hokimiyatini saqlab qolish maqsadida amalga oshirilgan”, degan xulosaga kelgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning yozida Bangladeshda namoyishlar boshlanib, ko‘plab norozi odamlar bosh vazir qarorgohiga bostirib kirgan edi. Dakka shahrida talabalar va politsiya o‘rtasidagi qattiq to‘qnashuvlar chog‘ida BTV davlat telekompaniyasi binosi yonib ketgan, tartibsizliklar bir necha kun davom etib, minglab odamlar halok bo‘lgan va jarohatlangan.
Keyinchalik Shayx Hasina hukumatga qarshi keng ko‘lamli namoyishlar fonida iste’foga chiqqani va singlisi bilan mamlakatni tark etgani ma’lum bo‘lgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, sobiq bosh vazir va yana olti nafar mansabdor shaxsga nisbatan namoyishchilarni o‘ldirish bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Xabarlarga ko‘ra, politsiya namoyishchilarga o‘q uzishni mamlakat bosh prokurori va ichki ishlar vazirining buyrug‘i asosida amalga oshirgan.
Live
Barchasi