Shifoxonadagi bolalar 4 nafar – Bolalar ombudsmani SSV bayonotini rad etdi
3-sahifa
−
10 Oktabr 2025 6485 2 daqiqa
Avvalroq, Jizzax viloyatining Forish tumanida joylashgan 4 ta maktabgacha ta’lim muassasalarida 37 nafar bola ommaviy ravishda ovqatdan zaharlangani haqida xabar berilgandi. Keyinroq mazkur holat bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonot berib, bugun, 13:02 da e’lon qilgan ma’lumotida faqat 2 nafar bola profilaktika maqsadida shifokorlar kuzatuvida qolayotganini ma’lum qildi.
Ushbu holat yuzasidan Bolalar ombudsmani ham rasmiy ma’lumot berdi. Qayd etilishicha, Bolalar ombudsmani Jizzax viloyati Forish tumanida 1,3,5 va 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida ommaviy zaharlanish holati bo‘yicha joyiga chiqqan tarzda monitoring o‘rganishini olib borgan. O‘rganishda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi mas’ullari hamda Forish tumani hokimi o‘rinbosari ishtirok etgan. Bolalar salomatligi buzilishi kuzatilgan bog‘chalarning barchasida tarbiyalanuvchilarni ovqatlantirishga oid belgilangan standartlarga rioya etish shart-sharoitlari ko‘zdan kechirilgan, tegishli hujjatlar o‘rganilgan.
O‘rganish davomida qator kamchilik va muammolar aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berilgan. Mazkur vaziyatda bola huquqlari buzilishi yuzasidan vakolatli yuqori tashkilotlarga tegishli ta’sir hujjati kiritilishi belgilangan.
Bolalar ombudsmani monitoring davomida Forish tumani Tibbiyot birlashmasi Bolalar bo‘limida bo‘lib, 9-10 oktyabr kunlari sog‘lig‘idan shikoyat bilan murojaat etgan bog‘cha tarbiyalanuvchilarni davolash jarayoni va holatga oid hujjatlarni o‘rgangan.
“Hozirda (10 oktyabr kechki soat 21:00) tuman tibbiyot birlashmasida 4 nafar bola ( 4-6 yoshdagi 2 nafar qiz, 2 nafar o‘g‘il) shifokorlar kuzatuvida bo‘lib, ularga barcha zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda. Bolalar ahvoli qoniqarli, og‘ir ahvoldagi bemorlar yo‘q”, deyiladi rasmiy xabarda.
Yuqorida qayd etilganidek, oldinroq Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida shifoxonada qolayotgan bolalar soni 2 nafar ekani keltirilgan edi.
Bolalar ombudsmani davolanayotgan bolalar va ularning ota-onalari bilan ham uchrashib, sog‘lig‘ining hozirgi ahvoli va davolash jarayoni haqida suhbatlashgan.
Eslatib o‘tamiz, shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan epidemiologik surishtiruv davomida bolalar 8 oktyabr kuni maktabgacha ta’lim muassasalarida biokefir, pishloq va sariyog‘ kabi mahsulotlar iste’mol qilgani aniqlanib, ularga anamnez va birinchi tekshiruvlar asosida “o‘tkir diareya” tashxisi qo‘yilib, statsionar ravishda tibbiy yordam ko‘rsatilgandi.
Live
Barchasi