Shimoliy Koreya AQSH hududiga yetib bora oladigan raketa dvigatelini sinovdan o‘tkazdi
Olam
−
30 mart 17762 2 daqiqa
Shimoliy Koreya yer usti sharoitida modernizatsiya qilingan qattiq yoqilg‘ili raketa dvigatelini sinovdan o‘tkazdi. Bu dvigatel AQSH materik qismiga zarba bera oladigan qit’alararo ballistik raketalarda qo‘llanishi mumkin. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, sinovni mamlakat yetakchisi Kim Chen In shaxsan kuzatgan va uni mamlakat strategik qurollarini rivojlantirishda “katta ahamiyatga ega” deb baholagan. Bu ishlar mudofaani rivojlantirish bo‘yicha besh yillik reja doirasida amalga oshirilmoqda.
Yangi dvigatel uglerod kompozit materiallardan tayyorlangan bo‘lib, uning maksimal tortish kuchi taxminan 2,5 ming kilonyutonni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning sentyabr oyida sinovdan o‘tkazilgan o‘xshash dvigatelnikidan (1,97 ming kilonyuton) yuqori.
Janubiy koreyalik ekspertlarning ta’kidlashicha, Pxenyan dvigatelning ishlash vaqti kabi muhim texnik parametrlarni oshkor qilmagan, shu sababli e’lon qilingan xususiyatlar bir oz bo‘rttirilgan bo‘lishi mumkin.
So‘nggi yillarda Shimoliy Koreya bir necha bor qit’alararo ballistik raketalarni sinovdan o‘tkazib, ularning uchish masofasi AQSH materik hududigacha yetishini namoyish qilgan. Bunda ayniqsa qattiq yoqilg‘ili dvigatellar qo‘llanilishi muhim, chunki ular suyuq yoqilg‘ili tizimlarga nisbatan uchirishdan oldin aniqlanishi qiyinroq.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq KXDR yetakchisi Kim Chen In 15-chaqiriq Oliy xalq majlisining birinchi sessiyasidagi dasturiy nutqida Janubiy Koreyani rasman “eng ashaddiy dushman davlat” deb e’lon qilgandi.
Live
Barchasi18 aprel