Shimoliy Koreya yadroviy dasturini kengaytirmoqda – MAGATE

Olam

image

Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) rahbari Rafael Grossi Shimoliy Koreya yadroviy dasturi bo‘yicha yangi xavotirli ma’lumotlarni oshkor qildi. Uning aytishicha, KXDR Yonbyon va Kansondagi uran boyitish inshootlarini faol holda ishlatishda davom etmoqda. Bu haqda “Yonhap” yozdi.

Vena shahrida MAGATE boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishida so‘zlagan Grossi Yonbyondagi 5 megavattli reaktor yettinchi nurlantirish siklida ishlayotgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Shuningdek, radiokimyo laboratoriyasi 2025 yil yanvaridan sentyabrigacha faol bo‘lgani va oltinchi siklda foydalanilgan yoqilg‘i qayta ishlangani taxmin qilinmoqda.

Yangi ob’ektlar va tayyor poligon

Agentlik kuzatuvlariga ko‘ra, Yonbyon mamlakatning asosiy yadroviy markazi hisoblanadi. U yerda yangi bino qurilgani, unda elektr ta’minoti va sovitish tizimlari Kanson majmuasiga o‘xshash ekani aytilgan. Tashqi qurilish tugallangan, ichida jihozlash ishlari davom etayotgan bo‘lishi mumkin.

Grossi yana bir muhim jihatni tilga olgan: Yonbyondagi yengil suv reaktori 2025 yil avgust-noyabr oralig‘ida to‘xtagan bo‘lsa-da, hozir yana ishlayotgani haqida belgilar bor. Bu esa Pxenyanning yadroviy infratuzilmasi barqaror faoliyat ko‘rsatayotganini anglatadi.

MAGATE ma’lum qilishicha, Pungge-ri yadroviy sinov poligonida “sezilarli o‘zgarishlar” kuzatilmagan, ammo u har qanday yangi sinovni o‘tkazishga tayyor holatda. Bu bayonot xalqaro hamjamiyat uchun yana bir ogohlantirish sifatida qabul qilinmoqda.

Grossi Shimoliy Koreya yadroviy dasturini davom ettirishi BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarining ochiq buzilishi ekanini ta’kidlab, agentlik tekshiruv va nazorat bo‘yicha o‘z rolini bajarishga tayyorligini urg‘ulagan.

Geosiyosiy signal

Pxenyanning bu harakatlari Koreya yarimoroldagi xavfsizlik muvozanatiga bevosita ta’sir qiladi. Vashington va Seul bilan munosabatlar tarang, muzokaralar esa amalda muzlatilgan. MAGATEning oxirgi hisoboti KXDR yadroviy dasturi to‘xtamaganini, aksincha tizimli ravishda davom etayotganini ko‘rsatmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In o‘zining kichik qizi Kim Chju Eni mamlakat Raketa ma’muriyatida rahbarlik lavozimiga tayinlagan edi. Ushbu ma’muriyat Pxenyanning yadroviy va ballistik raketa dasturlarini nazorat qiladi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Kim Chen In Shimoliy Koreya Kim Chju E

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing