Shov-shuvli sud: Google va Meta ruhiy zarar uchun jarimaga tortildi
Texnologiya
−
27 mart 2161 2 daqiqa
Joriy yilning 25 mart kuni Los-Anjeles sudi Alphabet (Google egasi) va Meta texnologik gigantlariga qarshi da’vo arizasi bilan chiqqan kaliforniyalik 20 yoshli fuqaroning ishi bo‘yicha qaror chiqardi. U ushbu kompaniyalarning ijtimoiy tarmoqlariga bog‘lanib qolish (qaramlik) uni jiddiy ruhiy inqirozga olib kelganini da’vo qilgan. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, sudyalar hay’ati Meta da’vogarga kamida 2,1 million dollar tovon to‘lashi kerakligi haqida qaror chiqargan. Google kompaniyasiga nisbatan esa hukm kamida 900 ming dollar to‘lashni nazarda tutadi. Shundan so‘ng sudyalar kompaniyalar o‘z harakatlari uchun qo‘shimcha jarimalar to‘lashi kerakmi yoki yo‘qligini hal qiladi va ularning miqdorini belgilaydi.
Ushbu ishni ko‘rib chiqish joriy yil yanvar oyida boshlangan. Javobgarlar sud qaroridan rozi emasliklarini bildirgan va kelgusi choralarini muhokama qilish niyatida ekanliklarini ma’lum qilgan.
Qayd etish joiz, bungacha bir qator davlatlar o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash istagini bildirgan edi. Jumladan, 2026 yilda Malayziya 16 yoshdan kichik shaxslarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni rejalashtirmoqda. “Reuters”ning fevral oyidagi xabariga ko‘ra, Ispaniya va Gretsiya ham bolalar va o‘smirlar uchun shunday taqiq joriy etishni ko‘zda tutmoqda. Fransiyada esa tegishli qonun loyihasi 27 yanvar kuni birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Bunday cheklovlar ba’zi mamlakatlarda allaqachon amal qilmoqda. 2024 yil oktyabr oyida Norvegiyada bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqini kuchaytirishga qaror qilindi. Mamlakatda yosh chegarasi mavjud bo‘lib, unga ko‘ra bolalar ijtimoiy tarmoqlardan faqat 13 yoshdan boshlab foydalanishlari mumkin edi. Hukumat ushbu chegarani 15 yoshga ko‘tarishga qaror qildi. O‘sha yili Avstraliyada ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlandi.
Live
Barchasi